O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdorini kamaytirish va uning eng kam miqdorini belgilash maqsadida qonunchilikka o‘zgartish kiritish tashabbusi bilan chiqishdi. Bu haqdagi qonun loyihasi parlament quyi palatasining 28 apreldagi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi palata sayti.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasida pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarima belgilangan. Unga ko‘ra, pasporti bo‘lishi shart bo‘lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi, shuningdek pasportni beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportning yo‘qolishi eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

«Jarimaning 450 ming so‘m, ya’ni ancha yuqori miqdori fuqarolarning, ayniqsa kam ta’minlangan oilalar a’zolari bo‘lgan fuqarolarning pasport olmasligiga yoki ularni amal qilish muddati o‘tganidan keyin almashtirmaslikni afzal ko‘rishlariga olib kelgan», — deyiladi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabarida.

Deputatlar ushbu masalani joriy yil boshidan har oyda hududlarda o‘tkazilgan safarlari davomida batafsil tahlil qildi.