O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Jizzax viloyati bo‘yicha safari jarayonida Jizzax shahridagi Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar qildi O‘zA.

«Endi tadbirkor muammosini hal qilish uchun turli tashkilotlarga borib yurmaydi. Ushbu markazda barcha soha mutaxassislari ularning talab va takliflarini o‘rganadi va yechimini topadi. Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi tadbirkorlarning haqiqiy ko‘makchisi bo‘lishi lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tumanlarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish markazlari tashkil etilib, ular tomorqadan samarali foydalanish, mikrobiznesni yo‘lga qo‘yish, mikrokreditlarni rasmiylashtirish, ajratilgan kreditlarni monitoring qilish kabi masalalar bilan shug‘ullanadi. Viloyat bo‘yicha 91 ana shunday markaz ochilishi ko‘zda tutilgan.

«Agar biz eng olis hududlarda ham tadbirkorlikni rivojlantirmoqchi bo‘lsak, avvalo, aholiga tadbirkorlik bo‘yicha yetarlicha tushuncha va bilim berishimiz kerak. Tadbirkorlarga imkoniyat va sharoit yaratib bersak, ular o‘zlarini ham, aholini ham ish bilan ta’minlaydi», — dedi Prezident.