Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Sankt-Peterburg, Qozon, Rostov-na-Donu, Yekaterinburg, Vladivostok hamda Qozog‘istonning Olmaota shaharlarida konsullik mahkamalarini ochish masalasi ustida ish olib bormoqda. Bu haqda TIV rahbarining birinchi o‘rinbosari Javlon Vahobov 2017—2021 yillarda mamlakatni rivojlantirish startegiyasini amalga oshirishga bag‘ishlangan konferensiyada ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, mazkur chora vaqtinchalik xorijda bo‘lib turgan fuqarolardan TIV manziliga kelib tushayotgan shikoyatlar asosida amalga oshirilmoqda. Prezident virtual qabulxonasi ishga tushgan vaqtdan buyon murojaatlar soni 3000 ta atrofidani tashkil etsa, ularning uchdan ikki qismi konsullik-huquqiy xususiyatga ega. Jumladan pasportlarni almashtirish; xorijda vafot etgan qarindosh va yaqinlar o‘limi hujjatlarini rasmiylashtirish, o‘lim sabablariga oydinlik kiritish; xorijiy davlatlar hududida sodir etilgan jinoiy ishlar bo‘yicha adolatli tergov olib borilishi; alimentlarni undirishda ko‘maklashish va boshqalar yuzasidan shikoyatlar kelib tushmoqda.

Xorijdagi fuqarolar manfaatlarini himoya qilish uchun TIV Konsullik nizomining yangi tahririni ishlab chiqdi. Hozirda loyiha jamoatchilik muhokamasi bosqichida.

Hujjatga muvofiq, konsul zimmasiga xorijda ob’ektiv sabablarga ko‘ra mablag‘siz qolgan O‘zbekiston fuqarolariga moddiy ko‘mak ko‘rsatish vazifasi ham topshiriladi. Moliyaviy yordam olishda notarial tasdiqlanishga tenglashtirilgan shartnoma tuziladi. Fuqaro shu yo‘l bilan O‘zbekistonga qaytishi mumkin, biroq 30 kun muddat ichida olingan pullarni qaytarishga majbur bo‘ladi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik konsullik vazifalari «onlayn rejimga, interaktiv shaklga» o‘tkaziladi.