O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rahbariyati vakillari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi hodisalardan so‘ng Toshkent metropolitenining barcha bekatlariga tashrif buyurib, mavjud xavfsizlik tizimi hamda xodimlar faoliyati samaradorligini shaxsan ko‘zdan kechirdi. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan haftalik brifingda Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ma’lum qildi.

IIBB qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulaziz Toshev so‘zlariga ko‘ra, metropoliten xavfsizlik xizmati bekatlarning o‘ziga xosligi va gavjumligidan kelib chiqqan holda xodimlar bilan kuchaytirilgan. Uning xabar qilishicha, poytaxt hokimiyati bilan birgalikda romli metall aniqlash uskunalarni xarid qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda, biroq muddatlar hozircha ma’lum emas.