O‘zbekiston rahbariyati Toshkentning Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari chorrahasidagi yo‘l o‘tkazgich qurilishini onlayn rejimda nazorat qilib bordi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Facebook-sahifasi va YouTube-kanaliga joylashtirilgan ob’ekt qurilishi jarayoni to‘g‘risidagi videorolik bunga guvohlik bermoqda.

«Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan chorrahadagi ko‘prik qurilishi jarayoni boshqa muhim ob’ektlar qatori davlatimiz rahbari tomonidan zamonaviy videokuzatuv tizimi orqali ham shaxsan nazoratga olingandi», — deyiladi rolikka berilgan izohda. Izohdan ko‘rinib turibdiki, boshqa muhim ob’ektlar qurilishi ham xuddi shunday monitoring qilinmoqda.

Taymlaps rejimida tayyorlangan ikki daqiqalik rolikda qurilishning so‘nggi oyi aks ettirilgan. Qurilish ishlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Ko‘prikqurilish» tresti tomonidan amalga oshirildi.

Shanba kuni Prezident uzunligi 900 m, balandligi 6 m va kengligi 24 metr bo‘lgan olti polosali yo‘l o‘tkazgichni ochdi. Ko‘prikning ikki tomonida piyodalar uchun yopiq yer usti o‘tish yo‘lagi qurilgan.

Ayni paytda Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari chorrahasida ham shunga o‘xshash yo‘l o‘tkazgich bunyod etilmoqda.