O‘zbekistonda notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq jarayonlar avtomatlashtirilib, ko‘chmas mulk va avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlanganligi yoki xatlanganligi bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantiriladi. Bu O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 27 fevraldagi «Bitimlarni notarial tasdiqlash tartibini idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Adliya vazirligi axborot markazining xabar qilishicha, notariuslar tomonidan idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda ko‘chmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini tasdiqlash Toshkent shahrida — 2017 yil 1 iyuldan, barcha hududlarda — 2018 yil 1 iyuldan boshlab amalga oshiriladi.

Yangi qaror bilan ko‘chmas mulklarning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini notarial tasdiqlashda soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiya bo‘yicha qarzdorlik yo‘qligi, bino va inshootlarning tegishliligi haqidagi ma’lumotlarni fuqarolar tomonidan qog‘oz ko‘rinishida yig‘ish amaliyotiga chek qo‘yildi. Buning o‘rniga ushbu ma’lumotlarni notariuslar idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali aniq vaqt rejimida mustaqil olishi belgilandi.

Bundan tashqari, kelgusida notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan davlat boji va boshqa to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bitimlar loyihalarini tayyorlash, notarial harakatlar haqida tushuntirishlar olish va notarius qabuliga oldindan yozilish uchun murojaat qilish mexanizmlari joriy etiladi.

Shuningdek notarial harakatlarni amalga oshirishda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishni nazarda tutuvchi «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi amalga kiritiladi.