23 fevral kuni Toshkentning Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan kuchli yong‘in natijasida 14 kishi shifoxonaga yetkazildi, deb xabar berdi Toshkent IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi (YOXB) «Gazeta.uz"ga.

16:36 da Toshkent shahar IIBB YOXB Markaziy dispetcherlik xizmatiga Chilonzor tumani S-mavzesi Cho‘pon Ota ko‘chasi 28a-uyda joylashgan ma’muriy binoda yong‘in bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan. Oradan 10 daqiqa o‘tib hodisa joyiga tuman yong‘indan muhofaza xizmatining ikkita jangovar yong‘in o‘chirish avtoekipaji yetib borganida, binoning 1-, 2- va 3-qavatlari ochiq alanga bilan yonayotgani ma’lum bo‘ldi. Qo‘shimcha yong‘in o‘chirish avtoekipajlar chiqarilgan.

17:13 da yong‘in joyiga Chilonzor va boshqa to‘rtta tuman hamda O‘zbekiston IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasidan jami 12 ta avtoekipaj yo‘llangan. O‘t o‘chiruvchilar tomonidan ko‘rilgan chora va tezkor harakatlar natijasida yong‘in 18:06 da qurshab olinib, 18:16 da butunlay o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida ma’muriy binoning 1-, 2-, 3-qavatlari to‘liq 800 kv. m maydonida yongan, 4- va 5-qavatlarining tashqi qismlari yong‘indan qisman zarar ko‘rgan. Yong‘in sabablari aniqlashtirilmoqda.

Yong‘in vaqtida o‘t o‘chiruvchilar tomonidan 70 nafar ishchi-xizmatchi qutqarilib, ularning 14 nafari birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Respublika Shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga olib borilgan. Jumladan, ikki kishi travmatologiya bo‘limiga joylashtirilgan, ulardan biriga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgandan so‘ng uyiga yuborilgan, ikkinchisiga umurtqa pog‘onasining lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan. Hozirda ularning ahvoli qoniqarli.

Zararlangan binoning 1−3-qavatlari Hamza Collection tikuvchilik firmasiga, 4-qavat «DI-Ixlos» kompaniyasiga, 5-qavat esa «O‘rmon xo‘jaligi loyiha» institutiga qarashli bo‘lgan. Binoning sharqiy qismida Toshkent viloyat prokuraturasi joylashgan.

Foto