O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Xalqaro Qizil Yarim Oy jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan O‘zaro tushunish va hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Memorandum o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish doiralari va yo‘nalishlarini belgilab berib, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarini tayyorlash va o‘qitish dasturini tuzish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga imkon tug‘diradi.

Anjumanlar, davra suhbatlari, o‘quv kurslari, seminar va treninglar tashkil etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, o‘quv materiallari, hujjatlar va adabiyotlar bilan ham taqdim etiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va Xalqaro jamiyat vakolatxonasi o‘rtasida harbiy shifokorlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘llari ham muhokama qilindi.

2007 yildan buyon Mudofaa vazirligi Xalqaro Qizil Yarim Oy jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 40 dan ziyod hamkorlikdagi loyiha amalga oshirildi. Jumladan, harbiy shifokorlar va Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi harbiy-tibbiyot fakulteti kursantlari uchun maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi.