Gubernator Vladimir Gorodetskiy boshchiligidagi Novosibirsk viloyati delegatsiyasi va Rossiya tadbirkorlari vakillari 3−5-fevral kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar qildi “O‘zagroeksport"kompaniyasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosarlari Ulug‘bek Roziqulov va Zoyir Mirzayev bilan uchrashuvda meva-sabzavot mahsulotlari savdosi hajmini oshirish va ularni tizimli markazlashtirilgan holda yetkazib berish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha 2016-yil dekabrida tashkil etilgan “O‘zagroeksport-Sibir” savdo uyi orqali 2017−2019-yillarda Sibir federal okrugiga O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini yil davomida yetkazib berishni tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Rossiya delegatsiyasi vakillari “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasida amaliy uchrashuv o‘tkazib, eksport shartnomalari paketini tayyorlash va logistika jarayonini optimallashtirishni muhokama qildi.

Vladimir Gorodetskiy Gold Dried Fruits kompaniyasiga tashrif buyurib, meva va sabzavotlarning keng assortimentini ishlab chiqarish, qayta ishlash, quritish, muzlatish, saqlash va ortish jarayonlari bilan tanishdi.