Qozog‘iston Prezidenti qator vakolatlarini parlament va hukumatga topshiradi

25-yanvar kuni xalqqa murojaat bilan chiqqan Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlat hukumati tarmoqlari o‘rtasidagi vakolatlar qayta taqsimlanishini ma’lum qildi. Prezident o‘zining bir qator vakolatlarini parlament va hukumatga topshiradi. Nursulton Nazarboyevning fikricha, bu boshqaruv tizimi samaradorligini oshiradi. Ishlar ikki asosiy yo‘nalishda olib boriladi. Birinchisi, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni nazorat qilish bo‘yicha qonunda belgilangan Prezident vakolatlarining katta qismi hukumat va boshqa ijro organlari yoki parlamentga topshiriladi. Ikkinchisi, yanada murakkabroq masala — hukumat tarmoqlari o‘rtasidagi munosabatlarni konstitutsiya darajasida muvofiqlashtirib turish bilan bog‘liq. “Hukumatni shakllantirishda parlament rolini kuchaytirish, vazirlar mahkamasining deputatlar oldidagi javobgarligini oshirish muhim, — dedi Nazarboyev. — Parlament saylovida g‘olib bo‘lgan partiya hukumatni shakllantirishda hal qiluvchi ta’sirga ega bo‘ladi”. // akorda.kz

AQSH Meksika bilan chegara bo‘ylab devor quradi

AQSH Prezidenti Donald Tramp saylovoldi va’dalarini bajarishga kirishdi. Davlat rahbari Meksika bilan chegaraga devor qurishni boshlash to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi. Bungacha Tramp migratsiya va chegara nazorati siyosatini kuchaytirish borasidagi ikki qarorga imzo chekdi. AQSH Milliy xavfsizlik vazirligida so‘zga chiqar ekan, Tramp: “Chegaralari bo‘lmagan millat — millat emas. Bugundan boshlab Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z chegaralari ustidan nazoratni qaytaradi, uni qaytarib oladi… Men hozirgina minglab hayotlarni, millionlab ish o‘rinlari va milliard, milliardlarni saqlab qoluvchi ikki qarorga imzo chekdim”, — dedi. Tramp chegaradagi jismoniy to‘siqlar qurilishi zudlik bilan boshlanishini aytib o‘tdi.

Saylovoldi kampaniyasi vaqtida Tramp Meksika bilan chegara devorining balandligi 15 metrni, loyiha qiymati esa 10−12 mlrd dollarni tashkil etishini ma’lum qilgan edi. // Euronews

Turkish Airlines 26−27-yanvar kunlari qor yog‘ishi sababli 327 reysni bekor qildi

Turkiya milliy aviatashuvchisi Turkish Airlines payshanba va juma kunlari kuchli qor yog‘ishi sababli Istanbul aeroportlaridagi 327 ta xalqaro va ichki reysni bekor qildi. Istanbul aeroportida yana 136 ta reys Turkiyaning boshqa aviakompaniyalari — Pegasus, Atlasglobal va Onurair tomonidan bekor qilingan. Yanvar oyi boshida Istanbulda yoqqan qor shahardagi yo‘l harakatini to‘xtatib qo‘yilishi, uch kun ichida 1400 dan ziyod reyslarning bekor qilinishiga olib kelgan edi. // RIA Novosti

Useyn Bolt sherigidan topilgan doping sababli Olimpiada-2008 oltin medalidan mahrum qilindi

Yamaykalik sprinter Useyn Bolt va uning terma jamoadagi sherigi Nesta-Karter doping-namuna qayta tekshiruvidan so‘ng Pekindagi Olimpiada oltin medalidan mahrum qilindi. Karter namunasida taqiqlangan metilgeksanamin preparati qoldiqlari aniqlandi. Shunday qilib, erkaklar o‘rtasida 4×100 metr estafetasi natijalari bekor qilindi, yamaykalik sprinterlar medallarni qaytarishlari lozim. Medal bekor qilinganidan so‘ng Bolt sakkiz karra Olimpiya chempioni bo‘lib qoldi. Bungacha taniqli sprinter intervyuda medalni qaytarishga tayyorligini ma’lum qilgan edi. Olimpiada-2008 oltin medallari endilikda Trinidad va Tobago terma jamoasiga tegishli bo‘ladi, kumush esa yapon sprinterlariga, bronza — braziliyaliklarga nasib etdi. // RIA Novosti