O‘zbekistonda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehmonxonalar va boshqa turar joy vositalariga joylashtirish xizmatlari, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolariga mahalliy sayyohlik operatorlari orqali xorijiy sheriklarning turistik xizmatlariga to‘lovlarni amalga oshirish uchun naqd xorijiy valyutadan foydalanishga ijozat berildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, Markaziy bank, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 12-yanvardagi qarori bilan O‘zbekiston hududida naqd xorijiy valyutani olish qoidalari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zbekiston rezident va norezidentlaridan naqd xorijiy valyutani qabul qilish O‘zbekiston hududida xorijiy valyutada kassa operatsiyalarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga qo‘yilgan tartiblarga muvofiq ravishda xorijiy valyuta tushumi inkassatsiyasi bilan maxsus kassalarda olib boriladi.

1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehmonxonaga joylashtirish xizmatlari uchun to‘lovlar faqatgina erkin konvertatsiya qilinuvchi valyutada amalga oshirilishi to‘g‘risidagi talab kuchga kirgan edi.