Yangi kirib kelgan yilda ikki marotaba quyosh va ikki marta oy tutilishi sodir bo‘ladi. Ikki hodisa fevralda, ikkitasi esa avgustda kuzatiladi. Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi Chori Sherdanovning astronomik hodisalar tahlili “Narodnoye slovo” gazetasida nashr qilindi.

Birinchi tutilish 11-fevralda kuzatiladi. Bunda Yer shari Quyosh nurlarining bir qismini to‘sgani sababli Oy yorug‘ligi bir oz kamayadi. Osmon ochiq bo‘lganida oy diskining chetlari qorayganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston hududida mazkur hodisani hech qanday vositalarsiz kuzatish imkoni mavjud.

Keyingi tutilish 26-fevralda sodir bo‘ladi. Oy Quyosh diski bo‘ylab o‘tadi, biroq uni to‘liq qoplay olmaydi, tabiiy yo‘ldosh atrofi bo‘ylab yorqin halqa hosil bo‘lib, osmon yorug‘ligicha qoladi. Mazkur hodisani Tinch va Atlantika okeani akvatoriyasi, Janubiy Amerika va Afrikaning janubiy qismlari hududlarida kuzatish mumkin. O‘zbekistonda esa ko‘rinmaydi.

Uchinchi tutilish 7-avgustda sodir bo‘ladi. Sayyoramiz yo‘ldoshi yer soyasining shimoliy qismi bo‘ylab o‘tib, qorong‘ilashadi. Uning boshqa qismi esa yarim qorong‘ulikda qoladi. Hodisani O‘zbekiston hududida turib ham kuzatish mumkin.

Joriy yildagi oxirgi quyosh tutilishi 21-avgustda kuzatiladi. Uni Tinch va Atlantika okeanlarining Shimoliy Amerika qit’asining g‘arbiy va sharqiy qirg‘oqlari akvatoriyasida to‘liq, Shimoliy va Janubiy Amerika, G‘arbiy Yevropa va Afrikaning eng g‘arbidagi mamlakatlarda esa qisman kuzatish mumkin.

Boshqa hodisalar orasida fevral osmoniga Enke kometasining qaytishini qayd etish mumkin. Shuningdek, Vesta, Arida va Serera asteroidlarining yanvar, oktyabr va yil so‘ngidagi “parvozi” qiziqish uyg‘otadi. Yil davomida bir necha marotaba Liridlar, Orionidlar, Leonidlar va Geminidlar (meteorlar oqimlari) hosil qilgan “yulduzlar yomg‘iri"ni kuzatish imkoniyati ham mavjud.