«Qo‘qon superfosfat zavodi» AJ bazasida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha Indorama Kokand Fertilizers qo‘shma korxonasi ochiladi. Singapurning Indorama kompaniyasi bilan shu haqdagi shartnoma imzolandi, deb xabar qilmoqda Davlat raqobat qo‘mitasi axborot xizmati.

Loyiha mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash va zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarni joriy qilish bilan bir qatorda, dikalsiyfosfat, kaliy sulfati va azotli kaliy kabi mineral o‘g‘itlarning yangi, bugungi kunda respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan turlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ko‘zda tutadi.

Ushbu korxonada xorijiy investorning ulushi 75 foizni tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Umumiy investitsiyaviy qiymati 80 mln.AQSH dollarini tashkil qiluvchi ushbu loyiha bosqichma-bosqich besh yil davomida amalga oshirib boriladi.