Ergash Shoistamov “O‘zbekneftgaz” xoldingi tuzilmasiga kiruvchi “O‘ztransgaz” kompaniyasi boshqaruvi raisligiga tayinlandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

“O‘ztransgaz"ning avvalgi rahbari Shukurullo Mahmudov esa “Markazgazta'minot” unitar korxonasi Samarqand bo‘limi direktori lavozimini egalladi.

Ergash Shoismatov (1951-yilda tavallud topgan, Toshkent politexnika instituti bitiruvchisi) turli yillarda energetika va elektrlashtirish vaziri, “O‘zbekenergo” kompaniyasi raisi (2001−2006-yillar), bosh vazir o‘rinbosari (2006−2010-yillar) — Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari bo‘yicha majmuasi rahbari bo‘lgan.

2014-yil fevralidan energetika xodimlari kasaba uyushmalari Respublika kengashi raisi.

“O‘ztransgaz” kompaniyasi tabiiy gazni tashish va saqlash, shuningdek, mamlakat ichi va xorijdagi iste’molchilarga O‘zbekiston gazini yetkazib beruvchi ob’ektlarni boshqaradi.