O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 13-dekabrdagi yalpi majlisida parlament yuqori palatasining xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalaridagi faoliyatini takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda UzReport. Eslatib o‘tamiz, buning zaruriyati to‘g‘risida 7-dekabr kuni Konstitutsiyaning 24 yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tgan edi.

“Mamlakatimizda investitsiya siyosatini kuchaytirish masalasiga biz alohida ustuvor ahamiyat qaratamiz. Xorijiy sarmoyalarni va ilg‘or texnologiyalarni iqtisodiyotga jalb etish uchun chet ellardagi diplomatik vakolatxonalarimiz jiddiy ish olib borishi lozim”, — degan edi mamlakat rahbari o‘z nutqida.

“Buning uchun Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini kuchaytirish, chet mamlakatlardagi elchilarimiz nafaqat siyosiy, ayni vaqtda yurtimizga investitsiyalarni jalb qilish masalalari bilan ham faol shug‘ullanishlari darkor. Ularning bu boradagi faoliyatini nazorat qilish uchun Oliy Majlis Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasining faoliyat sohasi va vakolatlarini kengaytirish zarur, deb hisoblayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Senatorlar jahon maydonlarida milliy manfaatlarni himoya qilish va ilgari surish bo‘yicha tashqi siyosatni amalga oshirish, xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston hududlariga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, mamlakatning xalqaro imidjini mustahkamlash hamda mazkur sohada parlament nazoratini kuchaytirish masalalarida parlament rolini oshirish maqsadida senatorlar Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavzozimini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Mazkur lavozimga Senatning Tashqi siyosat masalalari bo‘yicha qo‘mitasini boshqarib kelayotgan Sodiq Safoyev tayinlandi. Mazkur qo‘mita esa Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari ko‘mitasiga aylantirildi.