O‘zbekistonning asosiy Yangi yil archasi Toshkentdagi “Anhor-Lokomotiv” istirohat bog‘i yaqiniga o‘rnatiladi. Poytaxt hokimiyati vakillari dushanba kuni mazkur ma’lumotni “Gazeta.uz"ga tasdiqladi.

Istirohat bog‘iga Shayxontohur ko‘chasidan kirishdagi vaqtincha bo‘sh turgan hudud Yangi yil archasi uchun maydonchaga aylantiriladi. Ayni paytda Toshkent hokimi buyrug‘i bo‘yicha bu yerda qurilish ishlari olib borilmoqda.

Avvallari mamlakatning asosiy archasi Mustaqillik maydoniga o‘rnatilar, bu yerda bir haftaga yaqin Yangi yil bayrami nishonlanar edi. Bayram kunlari Sharof Rashidov shoh ko‘chasining Alisher Navoiy hamda Matbuotchilar ko‘chasigacha bo‘lgan qismi to‘silib, piyodalar uchun hududga aylantirilgan.

Istirohat bog‘iga tegishli hududda sayllarning tashkil etilishi fuqarolar uchun Yangi yil bayramini nishonlash vaqtida qulaylik va xavfsizlikni taqdim etadi, deya qayd etdi “Gazeta.uz"ning shahar hokimiyatidagi suhbatdoshi. Joriy yil yozida Toshkent markazida ochilgan istirohat bog‘ida avtomobillar uchun turargoh, sayr hududi va bolalar uchun attraksionlar mavjud.

Odatda poytaxtdagi “Mehribonlik” uylari, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarning farzandlari taklif etiladigan an’anaviy “Prezident archasi” bu yil ham poytaxtdagi “Turkiston” Saroyida bo‘lib o‘tadi.

Foto