Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 15-noyabr kuni Seuldagi Jahon kubogi stadionida jahon chempionati-2018 uchinchi saralash bosqichi beshinchi turi doirasida Janubiy Koreyadan 2:1 hisobiga mag‘lubiyatga uchradi.

Samvel Babayan jamoasi uchrashuvning 25-daqiqasida birinchi bo‘lib hisobni ochdi. Mezbon jamoa darvozaboni xatosini anglagan Marat Bikmayev uzoq masofadan gol kiritdi. Biroq Uli Shtileke o‘yinchilari 67-daqiqada Nam Txe Xining goli evaziga hisobni tenglashtirdi. Uchrashuv tugashiga 5 daqiqa qolganida esa Ku Ja Chxol o‘z jamoasini oldinga olib chiqdi.

Beshinchi turdan so‘ng O‘zbekiston 9 ochko bilan uchinchi o‘rinni band etib turibdi. Undan tepada esa Janubiy Koreya (10) va bir o‘yin zaxirasiga ega Eron (10) joy olgan.