O‘zbekistonga bo‘lib turgan Hindiston tashqi ishlar davlat vaziri Mobashar Javad Akbar joriy yil 31-oktyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi, xabar qildi O‘zA. Mehmon dastlab Hazrati Xizr majmuasida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Buyuk Yo‘lboshchi qabriga gul qo‘yilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Islom Karimov ruhi poklariga Qur’on tilovat qilindi.

“O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti Hindiston hukumati va xalqini ham chuqur qayg‘uga soldi, — deydi Mobashar Javad Akbar. — Chunki Islom Karimov nafaqat O‘zbekiston rahbari, balki xalqaro maydonda yuksak nufuzga ega, tinchlikparvar, dono siyosatchi edi. Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishida Islom Karimovning xizmatlari juda katta bo‘ldi. Biz bu aloqalarni izchil davom ettirishga tayyormiz”.

Hindistonlik mehmonlar Samarqand shahrining qariyb uch ming yillik tarixidan so‘zlovchi “Afrosiyob” muzeyidagi noyob eksponat va ashyolar, dunyoga mashhur devoriy suratlarni qiziqish bilan tomosha qildi. Shahar o‘tmishi aks ettirilgan hujjatli film ularda katta taassurot qoldirdi.

Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish chog‘ida mazkur yodgorlikning yaratilish tarixi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berildi.

Mirzo Ulug‘bek yodgorlik majmui va shahardagi boshqa tarixiy obidalar, milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham hindistonlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mehmonlar bunday noyob me’moriy obidalarni bunyod etgan buyuk ajdodlarimiz aqlu zakovatiga, ularni bezavol asrab kelayotgan bugungi avlodning tariximizga munosabatiga yuksak baho berdi.