29-oktyabr kuni Rog‘un shahrida Vaxsh daryosi qirg‘og‘ida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ishtirokida Rog‘un GES to‘g‘oni qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi, xabar qilindi Tojikiston rahbari saytida.

“Emomali Rahmonning o‘zi buldozer ruliga o‘tirdi va ertalab 10:00 dan 11:30 ga qadar, ya’ni bir yarim soat davomida Vaxsh daryosi o‘zanida shag‘al surgan holda Tojikiston xalqi uchun hayotan muhim hisoblangan Rog‘un GES to‘g‘oni qurilishini boshlab berdi”, — qayd etiladi xabarda.

Rog‘un GES Vaxsh daryosidagi to‘qqizinchi gidroelektr stansiyasi hisoblanadi. U mamlakat poytaxti Dushanbe shahridan 110 kilometr masofada joylashgan. Gidroelektr stansiyasi 6 agregatdan tashkil topgan bo‘lib, har birining quvvati 600 mVt ni tashkil etadi.

“Rog‘un GES to‘g‘onining balandligi 335 metrni tashkil etib, dunyodagi eng baland tosh-tuproqli to‘g‘on sanaladi. 3600 megavatt (17 milliard kVt/s dan yuqori) quvvatga ega gidroelektr stansiyasi mintaqadagi eng yirigi hisoblanib, mazkur raqam Nurek GES ishlab chiqarayotgan quvvatdan 1,5 barobar ko‘p demakdir”, — xabar qilindi Tojikiston Prezidenti saytida.

Ob’ektda qariyb 15 ming mutaxassis va ishchi mehnat qilayotgan bo‘lsa, 2100 dan ortiq texnika, mashina va mexanizmlar harakatlanmoqda.

Rejaga muvofiq, Rog‘un GESning birinchi navbati, ya’ni uning birinchi agregati 2018-yil oxiriga qadar, ikkinchisi — 2019-yil aprelida ishga tushirilishi lozim. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi mamlakatning yagona energetika tizimiga yetkaziladi.