3 noyabr kuni Samarqanddagi «Chorsu» tasviriy san’at galereyasida «Sehrli Slovakiya» fotoko‘rgazmasi va slovak illyustratorlari — 1967−2013 yillarda Bratislavadagi xalqaro biyennale sovrindorlarining grafika ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmalar omma uchun 3 dekabrga qadar ochiq bo‘ladi, xabar qildi Slovakiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati.

Ekspozitsiya Slovakiya Tashqi va Yevropa ishlari vazirligi davlat kotibi Lukash Parizekning O‘zbekistonga ishchi tashrifi hamda Slovakiya Respublikasining Yevropa Kengashiga raisligi doirasida tashkil etilmoqda.

«Sehrli Slovakiya» fotoko‘rgazmasida Markaziy Yevropa yuragida, Dunay daryosi va baland Tatri tog‘lari o‘rtasida joylashgan ushbu mamlakatni tasvirlovchi 30 fotosurat namoyish etiladi. Fotosuratlar muallifi — slovak fotosuratchisi Ladislav Strugar. U o‘z ishlarida Slovakiyaning tabiat va shahar manzaralari, tarixiy va zamonaviy arxitektura inshootlarini aks ettiradi. Slovak illyustratorlari ko‘rgazmasida esa bolalar kitoblari rassom-illyustratorlarining eng yaxshi ishlari o‘rin olgan.