O‘zbekiston Prezidenti v. b. taklifi bo‘yicha Samarqandda barpo etilayotgan tramvay tarmog‘i uch bosqichda barpo etiladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

“Tramvay qatnovining dastlabki bosqichi Samarqand temiryo‘l vokzali maydoni va Sartepa massivi oralig‘ida yo‘lga qo‘yiladi, — dedi Samarqand shahar arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Tojiboyev. — Po‘lat izlar Beruniy, Buyuk ipak yo‘li, Amir Temur, Turkiston ko‘chalarida yotqiziladi. Umumiy uzunligi 8 kilometrdan iborat mazkur yo‘l qurilishining dastlabki ishlari boshlandi”.

Yo‘l qurilishining ikkinchi bosqichida tramvay yo‘nalishini Temiryo‘l vokzalidan Siyob dehqon bozorigacha, uchinchi bosqichida Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidan Kimyogarlar shaharchasiga qadar uzaytirish ko‘zda tutilgan.

Samarqand shahrida dastlabki tramvay qatnovini 2017-yil Navro‘z bayramiga qadar yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Bir oz muqaddam Samarqandga Toshkentdan Chexiyaning Pragoimex kompaniyasi ishlab chiqargan past polli Vario LF tramvay vagonlarining bir qismi jo‘natilgan edi. Poytaxt uchun mazkur modeldagi 20 ta vagon 2011−2012ғyillarda xarid qilingan. Toshkentda tramvay harakati yopilishi bilan ularning xorijga sotib yuborilishi taxmin qilingan edi. Ammo ular 1947−1973ғtramvaylar harakatlangan ikkinchi yirik shahardan o‘z o‘rnini topdi.

Shavkat Mirziyoyev 5ғoktyabr kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Samarqandga tramvaylarni qaytarish taklifini ilgari surgan edi. Jumladan, u shahar transport tizimini takomillashtirish zarurligiga e’tibor qaratdi. Yo‘l infratuzilmasi bilan tanishar ekan, Prezident v. b. tramvay tarmoqlarining yotqizilishi aholi uchun qulaylik yaratib, atrof-muhitning ekologik tozaligiga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.