Toshkent, Qoraqalpog‘iston va O‘zbekistonning 12 viloyati uchun aholi hayot darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirish hamda eng muhim ijtimoiy masalalarni hal etish bo‘yicha o‘rta muddatli dasturlar loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

13-oktyabr kuni Prezident v. b. Shavkat Mirziyoyev raisligi ostida o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosarlari, bir qator vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlariga yuqorida ta’kidlangan 14 ta dastur loyihalarini tayyorlashni tugallash va tasdiqlash uchun kiritish vazifasi topshirildi.

Dasturlar suv, elektr ta’minoti, aholiga transport xizmatini ko‘rsatishni yaxshilash, mahalliy avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, maktabgacha ta’lim muassasalari va bozorlarni modernizatsiyalash, kam ta’minlangan va yosh oilalar uchun arzon uy-joylar qurish, aholini arzon dori vositalari bilan ta’minlash, ayollar, bolalar va pensionerlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.