O‘zbekistonning uchta hududida g‘o‘zapoyadan yog‘och payraxali plitalar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy zavodlar ishga tushadi. 22 sentyabr kun shu haqdagi hukumat qarori qabul qilindi.

Loyihalar XXR Raisi Si Szinpinning iyun oyidagi O‘zbekistonga rasmiy tashrifi vaqtida imzolangan shartnomalar doirasida amalga oshirilmoqda.

Bozorgir import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar Jizzax viloyatidagi «Jizzax qurilish ziynati» XF (yiliga 10 ming kub metr), Surxondaryo viloyatidagi «Termiz-ta’minot» XK (10 ming) va Toshkent viloyatidagi Seowon Kiup XK (30 ming) quvvatlarida ishlab chiqariladi.

2017 yil so‘ngiga qadar ishga tushirilishi lozim bo‘lgan uchala loyihaning umumiy mo‘ljallangan qiymati 7,3 mln dollar ekvivalentiga teng. Ular kompaniyalarning o‘z shaxsiy mablag‘lari, milliy va xorijiy banklar kreditlari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el kompaniyasi (Seowon Kiup) investitsiyasi hisobidan moliyalashtiriladi.