Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan Qrim maqomi haqidagi referendumda qatnashganlarning 96 foizi muxtoriyatning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi uchun ovoz berdi. Ushbu raqamlarni referendumni o‘tkazish bo‘yicha ma'sul komissiya rahbari Mihail Malishev press-brifing vaqtida keltirdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Qrimdagi referendum natijalarini tan olmadi. Yevrokomissiya rahbari Joze Manuel Barrozu va Yevropa kengashi rahbari Herman van Rompey Qrim maqomi yuzasidan o‘tkazilgan referendumni noqonuniy deb hisoblashlarini ma’lum qilishdi. Bu haqda 16-mart, yakshanba kuni Yevrokomissiya saytida e’lon qilingan qo‘shma kommyunikeda aytilgan.

«Yevropa Ittifoqiga a’zo 28 davlat va hukumat rahbarlari 6-mart kuni ta’kidlaganidek, Yevropa Ittifoqi Ukraina hududiy birligining kelajak maqomi yuzasidan referendum o‘tkazilishini Ukraina Konstitutsiyasi va xalqaro qonunchilikka zid deb hisoblaydi», — deyiladi bayonotda.

Barrozu va Rompeyning qayd etishlaricha, referendum noqonuniy va kuchga ega emas, shu sabab ham uning natijalari tan olinmaydi.

Avvalroq, AQSh prezidenti Barak Obama ma’muriyati «zo‘ravonlik va qo‘rquv tahdidi ostida» o‘tkazilgan Qrimdagi referendum natijalarini tan olmasligini e’lon qilgan edi.