6-iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburgdagi xorijiy axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvida mamlakatda imperialistik ambitsiyalar yo‘qligini ma’lum qildi va buni O‘zbekiston misolida tushuntirdi.

Fransiyaning Agence France-Presse agentligining Yevropa ma’lumotlari bosh muharriri Karim Talbi prezident orqasida uchta bayroq: hozirgi Rossiya, Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi bayroqlari o‘rnatilganiga e’tibor qaratdi, unda Rossiya imperiyasi bayrog‘i eng yuqorida joylashgandi. Jurnalist qaysi bayroq “Putinning yuragiga yaqinroq” ekanini so‘radi.

Prezident RF rasmiy bayrog‘i, deb javob berdi. Shu bilan birga, SSSR bayrog‘i ham “tariximizda va jamoat ongimizda mavjud bo‘lish huquqiga ega”, dedi u.

RF rahbarining qo‘shimcha qilishicha, uchta bayroq o‘rnatish “hukumatning ham, prezident ma’muriyatining ham siyosiy qarori emas. Bu, qanchalik g‘alati tuyulmasin, “Gazprom"ning qarori” (uchrashuv Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida “Gazprom” shtab-kvartirasi joylashgan Laxta markazi majmuasida bo‘lib o‘tdi).

Putin, shuningdek, Rossiyada imperialistik ambitsiyalar yo‘qligini ta’kidlab, buni o‘zi may oyining oxirida tashrif buyurgan O‘zbekiston misolida tushuntirishga harakat qildi.

“Mana, O‘zbekiston. Bilasizmi, u yerda qancha odam bor? Bilmaysiz. Hozir Fransiyada qancha odam yashaydi?” — so‘radi Vladimir Putin.

“Ko‘p”, — deb javob berdi jurnalist.

“Juda ko‘p. 60 million, to‘g‘rimi? 65. O‘zbekistonda — allaqachon 37. Diqqat hozir „ekranga qaratilgan“: har yili plyus bir million. Million — O‘zbekiston aholisining o‘sishi. Bu sur’atda ular tez orada Fransiyani ortda qoldiradi. Agar migrantlarni ayirib tashlasangiz, tez orada Fransiyada O‘zbekistondagi kabi raqamga ega bo‘lasiz”, — dedi Rossiya prezidenti.

“Endi sababini tushuntiraman. Agar kimdir bizni qandaydir imperialistik ambitsiyalarda gumon qilsa, tasavvur qiling: Sovet Ittifoqini tiklasak, bizda asosan islomiy aholi bo‘ladi. Bu hech sizning xayolingizga kelganmi?” — so‘radi u.

“Yo‘q joydan mavjud bo‘lmagan narsani ixtiro qilish shart emas. Biz islomiy aholining ko‘payishiga qarshi emasmiz, aksincha, biz Rossiya Federatsiyasida sodir bo‘layotgan voqealardan xursandmiz. Aholisi asosan islomiy bo‘lgan ayrim respublikalarimizda tug‘ilish ko‘rsatkichi juda yaxshi — biz bundan juda xursandmiz. Lekin nima bo‘lgan bo‘lsa, hammasi o‘tib ketdi, yangi sahifa keldi. Biz kelajakka bugungi voqelikdan kelib chiqib qaraymiz. Siz ko‘rgan bayroqlar tariximizning bir qismi. Bu g‘oyalar asosida Rossiya haqida hech narsa o‘ylab topish va fikr shakllantirish kerak emas, Rossiyadan dushman obrazi yaratish kerak emas — bu bilan faqat o‘zingizga zarar keltirasiz, tushundingizmi?” — dedi Vladimir Putin.

Berlindagi Karnegi nomidagi Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari markazi ilmiy xodimi Temur Umurov Vladimir Putinning bu bayonotiga izoh berdi.

“Bundan chiqdi, Rossiya rahbarining mantig‘i shunday: SSSRni ba’zi sobiq respublikalarda islomiy aholi soni ko‘pligi va o‘sib borayotgani sabab tiklab bo‘lmaydi. Ammo bunday emas: SSSRni barcha sobiq sovet respublikalari qirq yildan beri mustaqil ekani, o‘z siyosiy rejimlari va jamiyatlariga egaligi, ularning o‘zi ittifoqqa qaytishni istamasligi sabab tiklab bo‘lmaydi. O‘zingiz xulosa chiqaring”, — deb yozdi u Telegram`dagi kanalida.

  • Dekabr oyida “Adolatli Rossiya” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepin “migrantlar muammosi"ni hal qilish uchun O‘zbekiston va sobiq SSSRning boshqa hududlarini RF tarkibiga qo‘shib olish va ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgan edi. O‘shanda sobiq deputat Rasul Kusherbayev mamlakat Tashqi ishlar vazirligidan Rossiya tomoniga norozilik notasi yuborishni so‘ragan, deputat Bobur Bekmurodov esa bunday bayonotlar uchun jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatgan.
  • sentabr oyida rossiyalik deputat Yevgeniy Fedorov sobiq ittifoq respublikalari SSSRdan noqonuniy ravishda ajralib chiqqani, bunda Rossiyaning hududiy manfaatlari buzilgani, shu sababli ular bilan kurashish kerakligini aytgandi. O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatlari bu haqda kinoya bilan shunday dedi: “Navbatdagi fantazyor”.