Anqara shahridagi Prezident saroyida Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari Qurbon hayiti bilan bir-birini tabrikladi. Muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish, ko‘p qirrali hamkorlikni, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar hamkorlik yuqori sur’atda davom etayotgani, barcha darajalardagi aloqalar va almashinuvlar shiddatini qayd etdi.

“O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar ko‘rsatkichlari ortib bormoqda, qo‘shma loyihalar va korxonalar, aviaqatnovlar soni ko‘paymoqda. O‘zaro madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, uning natijasida sanoat, “yashil” energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida yangi loyihalarning katta portfeli shakllantirilgan.

Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazish, jumladan, Imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulot turlarini kengaytirish vazifasi qo‘yildi. Istanbul shahrida O‘zbekistonning savdo vakolatxonasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlat rahbarlari raisligidagi O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi 6-iyun kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Prezidentlar qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish va raqamlashtirish sohalarida o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.

Ular xavfsizlik va mudofaa, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni mustahkamlash va muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va sport sohalarida hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki davlat fuqarolarining bordi-keldisi uchun eng qulay sharoitlarni yaratish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalarini, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini ham ko‘rib chiqdi.