Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari Toshkent shahrining Uchtepa tumanida fuqarolarni AQShga jo‘natishni va’da qilgan shaxslarni qo‘lga oldi.

Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, G. A. uch nafar fuqaroga tanishlari yordamida AQShga yuborishni hamda viza hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytgan. U buning uchun 42 ming dollar talab qilgan, 28,8 ming dollar olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holatda F.A. fuqaro M.Ya.ga tanishlari yordamida ASHQga borish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib, viza olib berishni va’da qilgan. U ham 17 ming dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 211-moddasi 28-moddasi (Pora berishda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning noyabr oyi oxirida AQShning Toshkentdagi elchixonasi AQShga Meksika orqali noqonuniy kirmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari endilikda mamlakatga qo‘yib yuborilmasligi va immigratsiya ishi hal bo‘lgunicha hibsda saqlanishini bildirgandi.

2024-yilning iyun oyi boshida AQSh prezidenti Jo Bayden Meksikadan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarga boshpana berishni vaqtincha taqiqladi. Bu choralar ularni deportatsiya qilishni osonlashtiradi, dedi Oq uy. Taqiq AQSh janubiy chegarasidagi tirbandlik yuzaga kelgan davrda ham amal qiladi.

Ma’lumot uchun, 2021-yildan 2023-yilgacha AQSh hukumati tomonidan “alohida qiziqish uyg‘otuvchi shaxslar” sifatida tasniflangan o‘n minglab muhojirlar Meksika orqali AQShga noqonuniy kirishga harakat qilishgan. Qo‘lga olinganlarning 13 mingdan ortig‘i O‘zbekiston fuqarolaridir.