AQSh prezidenti Jo Bayden AQSh bilan Meksika chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarga boshpana berishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. Ushbu chora-tadbirlar Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmaganlarni chiqarib yuborishni osonlashtiradi, deya bayonot berdi Oq uy matbuot xizmati.

Bayden ma’muriyatining aniqlik kiritishicha, cheklovlar janubiy chegara “haddan tashqari bosimda” qolmaguncha o‘z kuchida qoladi. Cheklovlar chegarani kesib o‘tgan muhojirlar soni “AQSh tizimi immigratsiya operatsiyalarini xavfsiz va samarali boshqarishi uchun yetarli darajada kamayganda” olib tashlanadi.

Reuters xabariga ko‘ra, cheklovlar darhol kuchga kirdi. Farmonda kuzatuvsiz qolgan migrant bolalar, sog‘lig‘i yoki xavfsizligiga jiddiy tahdid ostida bo‘lgan shaxslar, odam savdosi qurbonlari uchun istisnolar nazarda tutilgan.

Agentlikning nomi oshkor etilmagan AQSh rasmiylariga tayanib aniqlik kiritishicha, taqiq bir hafta davomida chegarada o‘rtacha qo‘lga olishlar soni kuniga 2500 kishidan oshganda joriy qilinadi va kunlik qo‘lga olishlar soni uch haftaga 1500 dan kamayganida to‘xtatiladi. Reuters agentligiga ko‘ra, oxirgi marta chegarani kesib o‘tishlar koronavirus pandemiyasining dastlabki oylarida bu darajaga tushgan.

  • 2023-yilning noyabrida AQSh rasmiylari Meksika chegarasi orqali AQShga noqonuniy kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga kiritilmasligini va ularning immigratsiya ishi hal etilgunga qadar hibsda saqlanishini ma’lum qilgandi.
  • Fox News 2021-yilning oktabridan 2023-yilning oktabrigacha AQShda chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan 13 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini yozgan.