Shavkat Mirziyoyev 3-iyun kuni “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Milliy qonunchilikni JSTning Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimi (ASCM)ga muvofiqlashtirish uchun 1-oktabrgacha mas’ul idoralarga quyidagi ko‘rsatmalar berildi:

  • eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalarni, shu jumladan, tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025-yil 1-yanvardan bekor qilishni, shuningdek, JST qoidalari bilan ta’qiqlanmagan qo‘llab-quvvatlash choralarini;
  • samarasi past bo‘lgan soliq va bojxona imtiyozlarini 2025-yil 1-yanvardan bekor qilishni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

O‘zbekistonga import qilinadigan va ishlab chiqariladigan tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘i stavkalarini 2026-yil 1-yanvarga qadar, alkogol mahsulotlari va shakar uchun esa 2027-yil 1-yanvarga qadar birxillashtirish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda amalda bo‘lgan bojxona boji, yig‘imlari va qiymatini JSTning Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimi (GATT 1994) talablariga moslashtirish maqsadida 2025-yil 1-yanvardan boshlab joriy etiladigan bojxona yig‘imlarining fiskal maqsadlarda undirilmasligini belgilash topshirildi.

Shuningdek, 1-avgustga qadar ayrim turdagi tovarlarni eksport qilishda undiriladigan yig‘imlarni qayta ko‘rib chiqish va tegishli takliflarni hukumatga kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Bojxona qo‘mitasi 1-avgustga qadar bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya 1-avgustga qadar savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi (MFN) nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarini qo‘llash bo‘yicha amaldagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, uning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqishi kerak.

Bundan tashqari, import bojxona bojlari stavkalarining qo‘llanilishi samaradorligini oshirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida amaldagi bojxona tariflarini Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 2022-yilgi tahririga muvofiqlashtirish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish reja qilinmoqda.

Transport vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 1-sentabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi:

  • 2024-yil 1-oktabrdan boshlab bosqichma-bosqich 2025-yil 1-aprelgacha respublika hududida temiryo‘l transportida yuk tashishda taqdim etilayotgan chegirmalar berish amaliyotini bekor qilish;
  • temir yo‘l orqali yuklarni tashishda eksport va import tashish xizmatlari uchun tariflarni 2030-yilgacha bosqichma-bosqich birxillashtirish.

Shuningdek, 1-sentabrgacha etil spirti importi operatsiyalarini JST bitimlari qoidalari asosida tartibga solish yuzasidan takliflarni kiritsin rejalashtirilmoqda.

Avvalroq yozganimizdek, xuddi shu farmon bilan tashqi internet kanalidagi monopoliya, bir qator davlat korxonalarining maxsus huquqlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga davlat xaridlari bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevning aytishicha, imzolangan farmon “qora va rangli metallarni qayta ishlash, kimyo sanoati, telekommunikatsiya va energetika kabi qator sohalarda yangi davrni boshlab beradi”.

“Biz Jahon savdo tashkilotining eng asosiy shartlaridan biri — barcha uchun teng va erkin raqobat sharoitini yaratish prinsipiga amal qilgan holda, mamlakatimizning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish borasida qarori qat’iy ekanini yana bir bor namoyish qilmoqdamiz”, — deb yozadi u.

O‘tgan yilning avgust oyida prezident 2025-yildan boshlab import dorilar va tibbiy buyumlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda yig‘imlarni bekor qilish, tovarlarni davlat tilida markirovkalash tartibiga o‘zgartirish kiritish va boshqalarni nazarda tutuvchi farmonni imzolagandi.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-vazirlar konferensiyasigacha tashkilotga a’zo bo‘lishni reja qilayotganini bildirgandi.