O‘zbekiston mahsulot taqsimoti bo‘yicha tuzilgan barcha shartnomalarni xatlovdan o‘tkazadi. Bu bozor islohotlarini jadallashtirish va milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti (JST) kelishuvlariga muvofiqlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonda nazarda tutilgan.

Energetika vazirligiga Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-avgustga qadar O‘zbekiston tomonidan imzolangan barcha mahsulot taqsimotiga oid bitimlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazishni yakunlash topshirildi.

Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Adliya vazirligi, Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zavtosanoat” bilan birgalikda ushbu sanaga qadar hukumat tomonidan imzonlangan barcha investitsiya bitimlarini xatlovdan o‘tkazishi kerak.

Shundan so‘ng uning natijalari bo‘yicha Prezident administratsiyasiga aniq takliflar kiritish zarur.

Bu milliy qonunchilikni JSTning Savdo bilan bog‘liq investitsiya choralari to‘g‘risidagi bitimiga (TRIMs), shu jumladan, mahalliylashtirish yoki eksport qilish bo‘yicha majburiyatlarni qo‘llamaslik talablariga moslashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda, deyiladi farmonda.

Bitim JSTga a’zo davlatlarga ishlab chiqarish sohasiga xorijiy investitsiyalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan cheklovchi choralarni joriy qilishni taqiqlaydi. TRIMs faqat tovarlar savdosini oldini oluvchi choralarni qamrab oladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil iyun oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasidan gaz uchun 600 million dollar qarzi borligini tan olib, mahsulot taqsimoti bo‘yicha kelishuvni tuzishda nima uchun milliy manfaatlar hisobga olinmagani bo‘yicha savollar bergan edi.

O‘shanda u neft-gaz sektoridagi korrupsiyaga ham to‘xtalib, ma’lum bir amaldor Ustyurt gaz-kimyo majmuasi uchun 80 million dollar olganini aytgan.

Shavkat Mirziyoyev 2022-yil dekabr oyida O‘zbekiston parlamenti va xalqiga murojaatnomasida gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida mamlakatda 10 yillik geologiya-qidiruv dasturi qabul qilinishini aytgan edi. Xususan, uning aytishicha, Ustyurt platosiga katta istiqbolli chuqur qatlamlarda O‘zbekistonning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda qidiruv ishlarini olib borish uchun yirik xorijiy investorlar jalb qilinadi va bu qonun bilan mustahkamlanadi.

Gaz qazib olish uchun berilgan barcha litsenziyalar qayta ko‘rib chiqilib, samarasiz ishlayotgan korxonalarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. O‘zingiz ko‘rib turganingizdek, energiya butun dunyo bo‘ylab siyosatga aylandi. Siyosatga. Shunday ekan, yerosti konlari yaqin o‘n-yigirma yil davomida foyda keltirishi uchun biz [milliy manfaatlarni] qonunda mustahkamlab qo‘yishimiz kerak”, — degandi prezident.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov yaqinda bergan intervyusida ayrim hollarda investorlarga shartnomalar doirasida qo‘shimcha majburiyatlar yuklangani, biroq ular investitsiya muhitining yomonlashuvi xavfi tufayli oshkor etilmaganini ma’lum qildi.

2004-yilda O‘zbekiston hukumati “Lukoyl” bilan “Qandim-Xauzak-Shadi” (35 yil muddatga, 2014-yilda yana 7 yilga — 2046-yilgacha uzaytirilgan) va “Janubi-G‘arbiy Hisor” (2007-yilda kuchga kirgan va 36 yilga, 2043-yilgacha mo‘ljallangan) loyihalari bo‘yicha mahsulot taqsimotiga oid bitim (MTOB) imzolagan.

Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan “Shoxpaxta” konlari (2004-yildan — 15 yilga, 2018-yilda 5 yilga uzaytirilgan) va “Djel” (2018-yilda 25 yilga imzolangan) bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

2017-yilning aprel oyida Surxondaryo viloyatidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M25) koni uchun gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan 35 yil muddatga yana bir MTOB imzolangan edi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ushbu loyiha bo‘yicha geologik qidiruv ishlari kamida sakkiz yil davom etishini ta’kidlagan.