Toshkent shahrida sobiq MXX binolari majmuasi hududidagi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazganlik yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura.

22-may kuni internetda mato bilan qoplangan ulkan jismlar uzun tirkamalarda olib ketilayotgani aks etgan video paydo bo‘lgandi. O‘shanda shahar ekologiya boshqarmasi sobiq MXX hududidan 26 tup ko‘p yillik eman daraxti Toshkent viloyatidagi istirohat bog‘iga ko‘chirilayotganini xabar qilgandi.

Shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Tursunpo‘lat Egamovning aytishicha, buzib tashlangan MXX binosi o‘rnida Radisson mehmonxona majmuasini qurayotgan Metropol Group kompaniyasi yanvar oyida daraxtlarni kesishga ruxsat olish uchun xat yuborgan, biroq boshqarma daraxtlarni tag qismidan kesishga ruxsat bermagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-son qarori bilan belgilangan daraxtlarni ko‘chirish tartibi mavjud, biroq bu jarayon uchun ruxsatnoma berish tartibi yo‘q.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Muna Mug hech bir tashkilotdan ruxsat olmasdan daraxtlarni ko‘chirishga kirishgan.

Bosh prokuratura kompaniya Vazirlar Mahkamasining ayni shu qarorida belgilangan daraxtlarni ko‘chirish tartibini buzgan holda, 53 tup qimmatbaho navli sog‘lom o‘sib turgan ko‘p yillik daraxtlarni (eman, qarag‘ay, aylanntus va boshqalar) noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tkazganini ma’lum qildi.

“Mazkur holat yuzasidan daraxtlarni noqonuniy ko‘chirgan xo‘jalik yurituvchi subyekt mas’ullari va bunga imkoniyat yaratib bergan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, — deyiladi xabarda.

Jinoyat ishi Bosh prokuratura nazoratiga olingan.

Avvalroq Muna Mug kompaniyasi direktori va asoschisi Farrux Hakimov fotograf Kamil Yenikeyev ko‘chirib o‘tkazilgan daraxtlarni suratga olishiga to‘sqinlik qilishga uringani haqida xabar bergan edik. U o‘zini agressiv tutib, fotografga energetik ichimlik sepgan.

2021-yil iyun oyida TIV sobiq rahbarining Metropol Group ta’sischisi bo‘lgan o‘g‘li Daniyor Kamilov MXX sobiq binosini 210 mlrd so‘mga xususiylashtirgandi. 2023-yil mart oyida Metropol Group kompaniyasi Radisson Hotel Group bilan premium klassdagi Radisson Collection Hotel Tashkent`ni ochish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Loyiha qiymati 100 mln dollarga baholanmoqda.