Qozog‘iston “Tolibon"ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqardi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) mamlakatlari parlamentlari rahbarlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Mamlakat masalaga zamonaviy Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi va bu rejim uzoq muddatli omil ekanini anglagan holda yondoshdi, dedi Qosim-Jomart Toqayev.

Shuningdek, davlat rahbari Qozog‘istonning Olmaota shahrida BMTning Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” harakati 2021-yil avgustida AQSh va uning ittifoqchilari mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqib ketishini e’lon qilganidan so‘ng Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatgan edi.

O‘shanda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu voqeani quyidagicha izohlagan: “Bular [toliblar — tahr] bilan bugun yo kecha emas, ikki yil oldin — hali hech qaysi davlatlar ular bilan gaplashmaganda (muloqotni boshlagandik)”.

“Menga xalqimning tinchligi kerak, osoyishtaligi kerak. Faqat va faqat o‘zbek xalqimning, jonajon O‘zbekistonning tinchligiga ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar muloqotga kirishishga tayyorman”, — deya qo‘shimcha qilgandi davlat rahbari.

Biroq O‘zbekiston, xalqaro hamjamiyat singari, “Tolibon"dan Doha kelishuvi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishni, jumladan, Afg‘onistonning barcha ichki siyosiy kuchlarini jalb qilgan holda hukumat tuzish, fundamental inson huquqlarini ta’minlash va mamlakat hududida terroristik kuchlar faoliyatini oldini olishni kutgan edi.

O‘tgan yilning dekabrida Qozog‘iston hukumati “Tolibon"ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga qaror qilgani haqida xabar berilgan edi.