Prezident “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 227−1-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi, deya xabar berdi Davlat soliq qo‘mitasi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2-aprel kuni qabul qilingan va senatorlar tomonidan 18-may kuni ma’qullangandi.

Qonun bilan Soliq kodeksiga fiskal huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun qo‘llanadigan moliyaviy sanksiyalar kamaytirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartib-qoidalariga oid huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda jarima miqdori oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizini tashkil etadi.

Mazkur huquqbuzarlik moliyaviy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, jarima miqdori 20 foizni tashkil etishi belgilanmoqda.

Avval tadbirkorlar ushbu qonun buzilish holati uchun oxirgi hisobot choragida ega bo‘lgan sof tushumni jarima shaklida to‘lashga majbur bo‘layotgan edi. Endilikda fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qo‘llanadigan moliyaviy jarima miqdori qariyb 98 foizga qisqartirilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, 2022−2023-yillarda amaldagi Soliq kodeksining 2271-moddasi asosan huquqbuzarlik sodir etgan 1519 nafar tadbirkorga nisbatan 735 mlrd so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llangan.

Bundan tashqari, 26-fevral kuni imzolangan prezident farmonida u kuchga kirgunga qadar 227−1-moddada nazarda tutilgan fiskal huquqbuzarliklar uchun qo‘llangan moliyaviy sanksiyalar bo‘yicha qarzlarning 98 foizi hisobdan chiqarilishi qayd etilgan. Shuningdek, ularni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatilishi aytilgan. Biznes to‘lab bo‘lgan jarimalarning 98 foizi kelgusi to‘lovlar hisobidan qaytarilishi ko‘zda tutilgan.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev Senat yig‘ilishida 2022−2023-yillarda mazkur moddaga asosan tadbirkorlarga 1519 ta holatda jami 735 mlrd so‘m jarima solingani, shundan 1025 ta holatdan 35 mlrd so‘mi undirilgani, bugungi kunda 416 ta yuridik shaxsning 9,5 mlrd so‘m qarzi borligini ma’lum qilgandi.

Unga ko‘ra, 690 mlrd so‘m (735 mlrd so‘mning 98 foizi) allaqachon jarima summasidan chiqarib tashlangan, jami 8 mlrd so‘m miqdoridagi jarimani to‘lab bo‘lgan 664 nafar tadbirkorga 7 mlrd so‘m qaytarilgan, qolgan 1,1 mlrd so‘m kelajakdagi to‘lovlardan hisobidan qaytarib berilishi aytildi.