2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi o‘tgan yil davomida 5,7 milliard dollarga ko‘payib, 34,9 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotida (PDF) aytiladi. Bu kutilgan ko‘rsatkichdan (32,1 milliard dollar) 2,8 milliard dollarga ko‘proq.

Tashqi qarz davlat va xususiy qarzlardan iborat. Yangilikda gap davlat qarzi haqida boradi. Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, “xususiy” sektorda asosan davlat ulushga ega bo‘lgan kompaniyalar va banklar ifodalanadi (davlat bank sektorining 68 foizga yaqin ulushiga ega, shuningdek, 2019−2021-yillarda jami 2 milliard dollarlik qarzdorlik qog‘ozlarini muomalaga chiqargan UzAuto Motors va “O‘zbekneftgaz”, O‘zmilliybank, “O‘zsanoatqurilishbank"ning egasi yoki egalaridan biri hisoblanadi).

davlat qarzi, iqtisodiyot va moliya vazirligi

Davlat tashqi qarzi 2023-yilda 3,73 milliardga oshib, 29,64 milliard dollarni tashkil etgan (YAIMning 32,6 foizi). Bu mablag‘ning 23,91 milliard dollari hukumat nomidan jalb qilingan, 5,72 milliard dollari esa O‘zbekiston tomonidan kafolatlangan.

Davlat ichki qarzi 1,97 milliard dollarga oshib, 5,29 milliard dollarni tashkil etgan (YAIMning 5,8 foizi). Shundan 1,78 milliard dollar (21,9 trillion so‘m) davlat qimmatli qog‘ozlari, 3,51 milliard dollari davlat tomonidan kafolatlangan ichki qarzdir.

Davlat qarzining mamlakat YAIMiga nisbati 2022-yil oxiridagi 36,4 foizdan 2023-yil oxirida 38,4 foizgacha (35,7 foiz rejalashtirilgan edi) oshgan.

Taqqoslash uchun: 2017-yilda davlat qarzi 11,5 milliard dollarni tashkil etgandi (olti yil ichida bu ko‘rsatkich 3 baravar oshdi). Gap “xususiy qarz"ni hisobga olmagan holda faqat davlat qarzi haqida ketmoqda.

Qarzlarning tarmoqlar bo‘yicha taqsimlanishi

Iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha davlat tashqi qarzi 2023-yil oxirida quyidagicha ko‘rinadi:

  • Davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash — 11,6 milliard dollar, umumiy qarzning 33,2 foizi (2022-yil oxirida 8,6 milliard dollarni tashkil etgan);
  • Energetika — 5,8 milliard dollar yoki umumiy qarzning 16,6 foizi (3 milliard dollar);
  • Qishloq va suv xo‘jaligi — 2,8 milliard dollar (2,54 milliard dollar);
  • Transport va transport infratuzilmasi — 2,8 milliard dollar (2,84 milliard dollar);
  • Uy-joy kommunal xo‘jaligi — 2,6 milliard dollar (2,3 milliard dollar);
  • Tadbirkorlik va sanoat ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlash — 1,1 milliard dollar (1,1 milliard dollar);
  • Kimyo sanoati — taxminan 900 million dollar (1 milliard);
  • Ta’lim, sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya — 2 milliard dollar (1,1 milliard);
  • Boshqa tarmoqlar — 897 million dollar (0,91 milliard).

Qarzning deyarli 50 foizi budjetni qo‘llab-quvvatlash va energiya uchun ketgan.

Kreditorlar

Kreditorlar nuqtai nazaridan davlat tashqi qarzi:

  • Jahon banki — 6,6 milliard dollar (5,5 milliard);
  • Osiyo taraqqiyot banki — 6,4 milliard dollar (6 milliard);
  • Islom taraqqiyot banki — 0,9 milliard dollar (0,9 milliard);
  • Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) — 3,4 milliard dollar (2,6 milliard);
  • Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi — 2 milliard dollar (1,9 milliard);
  • Xitoy Eksimbanki — 1,9 milliard dollar (1,9 milliard);
  • Xitoy davlat taraqqiyot banki va boshqalar — 1,4 mlrd dollar (2,1 mlrd);
  • Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (shtab-kvartirasi Xitoyda) — 1,3 milliard dollar;
  • Islom taraqqiyot banki — 0,9 milliard dollar (0,9 milliard);
  • Koreya Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi — 0,8 mlrd dollar (1 milliard);
  • Xalqaro valyuta jamg‘armasi — 0,8 milliard dollar;
  • Fransiya taraqqiyot agentligi — 0,7 milliard dollar (0,7 milliard);
  • Yaponiya xalqaro hamkorlik banki — 0,3 milliard dollar (0,4 milliard);
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Yevropa investitsiya banki — 0,3 milliard dollar;
  • Boshqa xalqaro moliya institutlari — 2,4 milliard dollar (2,4 milliard).

Qarzning valyuta tuzilishi

davlat qarzi, iqtisodiyot va moliya vazirligi

Tashqi qarzning valyuta tuzilmasi (bu valyuta kursining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiyot uchun haqiqiy xavf ko‘rsatkichlaridan biri) quyidagicha ko‘rinadi:

  • AQSh dollari — 71,4 foiz (75,7 foiz edi);
  • O‘zbek so‘mi — 6,9 foiz (1,6 foiz);
  • SDR (Maxsus qarz olish huquqi) — 6,7 foiz (7,2 foiz);
  • Yapon iyenasi — 6,2 foiz (8,1 foiz);
  • Yevro — 4,1 foiz (4,8 foiz);
  • Xitoy yuani — 1,9 foiz (0,8 foiz);
  • Janubiy Koreya voni — 0,5 foiz (0,67 foiz);
  • Saudiya reali, Kuvayt dinori va BAA dirhami — 0,6 foiz (2,3 foiz).

2023-yilda foiz va asosiy qarz to‘lovlari.2023-yilda foiz va asosiy qarz to‘lovlari.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda davlat qarzi bo‘yicha foizlarni to‘lash uchun 6,87 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, amalda 1,12 milliard dollar to‘langan (o‘tgan yilgi o‘rtacha kurs bo‘yicha qariyb 13,15 trillion so‘m). IMV buni o‘tgan yil boshida xalqaro moliya bozorlarida (SOFR) foiz stavkalari 2,99 foizni tashkil etgani, yil oxiriga kelib esa 5,34 foizga yetgani, shu sababli davlat qarzi bo‘yicha foiz to‘lovlari oshgani bilan tushuntirdi.

Shuningdek, 19,1 trillion so‘m qarzni to‘lash rejalashtirilgan — 1,69 milliard dollar (taxminan 19,8 trillion so‘m) ajratilgan.

Shu tariqa davlat qarzi va foiz to‘lovlarini to‘lash uchun jami 2,82 milliard dollar yo‘naltirilgan, bu 2022-yilga nisbatan 68,8 foiz, 2021-yilga nisbatan 2,1 baravar ko‘p.

2024-yilda 32,27 trillion so‘mlik qarzni so‘ndirish va 16,38 trillion so‘mlik foizlarni (jami — 48,65 trillion so‘m yoki YAIMning 3,7 foizi) to‘lash rejalashtirilgan.

2023-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti rekord darajadagi 59 trillion so‘mni (5 milliard dollardan ortiq) tashkil etib, o‘tgan yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘lgandi. O‘tgan yil oxirida hukumat parlament orqali davlat xarajatlari chegarasiga to‘g‘ri kelmagani uchun limitni oshirgan. Yanvar-aprel oylarida davlat budjeti defitsiti 25,5 trillion so‘mni (2 milliard dollarga yaqin) tashkil etgan.

O‘zbekistonda davlat organlari, adliya, prokuratura va sudlar, shuningdek, mahallalarni saqlash va NNTlarni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari 24,5 foizga oshib, 17 trillion so‘mga yetgan. 2024−2025-yillarda ham ularni saqlash xarajatlarini oshirish rejalashtirilmoqda.