15-may kuni Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida yuk mashinasi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan o‘quvchini urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda bir guruh o‘quvchilar piyodalar o‘tish joyidan o‘tmoqchi bo‘lganda Nexia to‘xtab yo‘l berganini ko‘rish mumkin. Biroq bolalar yura boshlaganda ikkinchi qatordan katta tezlikda kelgan yuk mashinasi ulardan birini urib ketgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ma’lumot uchun, sudda ushbu ayblov o‘z isbotini topsa, aybdor muayyan huquqdan mahrum qilib, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq To‘raqo‘rg‘on tumanida KamAZ haydovchisi 6 yoshli bolani urib yuborgandi. Oqibatda bola shifoxonada vafot etgan. Pastdarg‘om tumanida esa Damas piyodalar o‘tish joyida urib yuborgan 11 yoshli qiz shifoxonaga yotqizilgandi.