Badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, 48 yoshli Oksana Chusovitina saralash o‘yinlari oldidan olgan jarohati sababli Parijda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida qatnashmaydigan bo‘ldi. Sportchi bu haqda Instagram`dagi sahifasida videomurojaat qoldirdi.

Uning aytishicha, sportchi 24−26-may kunlari Toshkentda sport gimnastikasi bo‘yicha ayollar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionati boshlanishi oldidan mashq bajarish chog‘ida jarohat olgan.

“Qadrli muxlislar va gimnastika ishqibozlari, sizga qayg‘uli xabarim bor. Kecha gimnastika bo‘yicha Toshkentda o‘tayotgan Osiyo chempionati, shu jumladan, Olimpiya o‘yinlariga saralash musobaqasida mashg‘ulotlarda jarohat oldim. Endi bu musobaqada qatnasholmayman. Bundan afsusdaman, chunki musobaqaga juda katta tayyorgarlik ko‘rgandim. Katta kuch bilan qaytgandim. O‘z yurtimda muxlislar, jamoatchilik qarshisida musobaqada qatnashishni istagandim. Lekin siz mening ishtirokimni ko‘rmaysiz”, — deya izoh qoldirdi sportchi.

Shuningdek, u barchaga o‘z minnatdorligini bildirib, muxlislardan jamoadosh sportchi qizlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. “Men ham o‘sha yerda bo‘lib, qizlarimizga muxlislik qilaman”, — dedi Oksana Chusovitina.

O‘zbekistonlik gimnastikachi 2022-yil O‘zbekiston chempionatida g‘alaba qozonganidan so‘ng 2024-yilgi Parij olimpiadasi haqida o‘ylayotganini aytgandi.

Ma’lumot uchun, u 8 bor Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, gimnastika tarixi va “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan. Parij-2024 Olimpiadasidagi ishtirok uning rekordini yaqin davr ichida yaqinlasha olmaydigan qilib yangilagan bo‘lardi.

2021-yil iyul oyida Chusovitina sportdagi faoliyatini yakunlagani haqida xabar bergandi. O‘sha yilning oktabr oyida esa o‘z faoliyatini O‘zbekiston uchun medalsiz yakunlay olmasligini ta’kidlab, sportga qaytishini e’lon qilgan.