UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i, Chinoz neftni qayta ishlash zavodi va “O‘zbekneftgaz"ga qarashli neft konlaridagi uskunalarni sotish O‘zbekistonning 2024-yil ikkinchi choragi uchun investitsiya dasturiga kiritilgan (hukumat tomonidan 16-mayda qabul qilingan).

Investitsiya dasturida loyiha “Jamiyat („O‘zbekneftgaz“ kompaniyasi — tahr.)ning neft konlaridagi aktivlari va uskunalarini sotish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish” deb nomlanadi va 70 million AQSh dollariga baholanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu aktivlar (neft uskunalaridan tashqari) boshqa kompaniya balansiga o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi. “Gazeta.uz” 1-mart kuni Daniyor Kamilovga (prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li) tegishli Petroleum Technology Group kompaniyasi “O‘zbekneftgaz"ning 78 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i bo‘lgan UNG Petro`ning egasiga aylangani haqida yozgan edi. Chinoz NQIZ ham unga berilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “O‘zbekneftgaz” xususiylashtirish natijalari, xususan, Petroleum Technology Group neftni qayta ishlash zavodi va yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qachon va qanchaga sotib olgani to‘g‘risida ma’lumot bermagan.

Investitsiya dasturida loyihaning xorijiy hamkorlari sifatida Petroleum Technology Group va Saneg (Shveysariya, Kipr, Rossiya mamlakatlar) ko‘rsatilgan. Saneg “O‘zbekneftgaz"dan neft konlaridagi uskunalarni sotib olishi mumkin edi.

“Gazeta.uz” manbasining xabar berishicha, UNG Petro`ning sotuv narxi 50 million dollar atrofida bo‘lgan va aktiv “bozor narxida” baholangan. Bu ma’lumotni rasman tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi. Agar ma’lumot to‘g‘ri bo‘lsa, qolgan 20 million dollar Chinoz NQIZ va neft koni uskunalari savdosidan tushadi. Investitsiya dasturida uskunalar miqdori va uning xususiyatlari ko‘rsatilmagan.

“Gazeta.uz” ochiq ma’lumotlarga asoslanib, 80 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalarining narxi taxminan 100 million dollarni tashkil etishi mumkinligini hisoblab chiqqandi (yer narxini hisobga olmaganda). Bu miqdor “O‘zbekneftgaz” so‘nggi yoqilg‘i quyish shoxobchalarini 1,25 million dollarga qurganiga asoslanadi.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda UNG Petro`ning aylanmasi 2,24 trillion so‘mni (taxminan 178 million dollar) tashkil etgan, bu 2022-yilga (1,86 trillion so‘m) nisbatan 20,4 foizga ko‘p. Korxona yil davomida 85,5 milliard so‘m soliq to‘lagan, bu o‘tgan yilga nisbatan (156,3 milliard so‘m) qariyb 2 baravar kam, chunki 2023-yilda Ai-80 rusumli benzinni sotish aksiz solig‘idan ozod qilingan edi.

Joriy yilning birinchi choragida UNG Petro 34,1 milliard so‘m yoki 2023-yilning yanvar-mart oylaridagi (36,1 milliard so‘m) ko‘rsatkichdan 5,5 foizga kam soliq to‘lagan. Kompaniyaning foydasi oshkor etilmagan.

Sanoat Energetika Guruhi (Saneg, SEG) O‘zbekistondagi yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri bo‘lib, 103 ta neft va gaz konlarida (avval “O‘zbekneftgaz"ga tegishli bo‘lgan) yer qa’ridan foydalanish huquqiga ega. Mamlakatdagi neft qazib olish hajmining qariyb 80 foizi Saneg hissasiga to‘g‘ri keladi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda neft qazib olishning umumiy hajmi 586,4 ming tonnani, gaz qazib olishniki — 1 milliard kub metrni tashkil etgan. Korxona tomonidan 2022-yilda ichki bozorda 320 ming tonnadan ortiq dizel yonilg‘isi va 250 ming tonnadan ortiq turli markadagi benzin sotilgan.

Korxonada neft va gaz qazib olishdan tashqari, xomashyo qayta ishlanib, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar: benzin, dizel yonilg‘isi, neft, aviakerosin va boshqa qator mahsulotlar ishlab chiqariladi. Qayta ishlash 2022-yil may oyidan Saneg tarkibiga kiruvchi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida amalga oshirilmoqda.

2021-yilda Baxtiyor Fazilov SEG`ning asosiy aksiyadori sifatida ro‘yxatga olingan, u ayni paytda Gazli Gas Storage (O‘zbekistondagi eng yirik gaz ombori “Gazli"ning operatori) va neft-gaz, kimyo, aviatsiya hamda qurilish sanoatidagi bir qator boshqa aktivlarning asosiy benefitsiari hisoblanadi.