“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Kaspiy dengizining Ozarbayjon shelfidagi “Shah-Deniz” gaz kondensati loyihasiga kirishi mumkin. Bu haqda Guba shahrida bo‘lib o‘tayotgan Ozarbayjon-O‘zbekiston II mintaqalararo forumi doirasida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozmoqda Trend.

“Biz SOCAR kompaniyasini taklif qilamiz va u bilan O‘zbekistonda neft hamda gaz qazib olish loyihalarida ishtirok etishi haqida gaplashamiz. Xuddi shunday, “O‘zbekneftgaz”ning Ozarbayjonda gaz qazib olish loyihalariga kirishi masalasi hozirda muhokama qilinmoqda va yakuniy bosqichda. Ha, Ozarbayjonning “Shah-Deniz” loyihasi nazarda tutilyapti. Birgalikdagi ishtirok muzokaralar mavzusi hisoblanadi”, — deb tushuntirdi u.

ISSV rahbari “O‘zbekneftgaz”ning “Shah-Deniz”ga kirishi bo‘yicha hujjatlarni imzolash yaqin oylarda bo‘lishiga umid bildirdi.

“Ushbu loyihadagi ishtirokimiz chet ellik maslahatchi ishtirokida jiddiy moliyaviy va huquqiy ekspertiza talab qiladi. Biz bu istiqbollarga jiddiy qaraymiz”, — dedi vazir.

O‘tgan yilning avgust oyida “O‘zbekneftgaz” va SOCAR O‘zbekiston va Ozarbayjonning neft-gaz sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olgandi. Avval xabar berganimizdek, “O‘zbekneftgaz” SOCAR bilan birgalikda 2024-yilda Ozarbayjonda uchta uglevodorod konini o‘zlashtirishni boshlashni rejalashtirmoqda.

“Shah-Deniz” loyihasi 1996-yildan beri amalga oshirilmoqda. 2013-yilda “Shah-Deniz” konini o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv 2046-yilgacha uzaytirildi.

Hozirda loyiha ishtirokchilari Britaniyaning BP (qazib olish operatori — 29,99%), Rossiyaning Lukoil (19,99%), Turkiyaning Türkiye Petrolleri Anonim Ortaklığı (TPAO, 19%), Rossiyaning NİKO (10%) va SGC Upstream (Ozarbayjon manfaatlarini ifodalovchi kompaniya hisoblanadi, 21,02%).

“Shah-Deniz”ning zaxiralari 1,2 trillion kub metr gaz deb baholanmoqda, hozirgacha ushbu manbaning 20 foizga yaqini qazib olindi.

“Shah-Deniz” gazi Janubiy Kavkaz quvuri orqali Gruziya, Turkiya va Yevropaga yetkaziladi.

2019-yil oktabr oyida “O‘zbekneftgaz” va SOCAR birgalikda Kaspiy dengizining Ozarbayjon qismida neft qazib olish rejalari haqida xabar berilgandi.

2023-yil mart oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston tomoni SOCAR bilan “neft-gaz sohasida katta loyiha” tayyorlanayotganini aytgandi. Ilgari “O‘zbekneftgaz” O‘zbekistondan tashqarida loyihalarni amalga oshirmagan. Shavkat Mirziyoyev 2018-yil yanvar oyida kompaniyaga xalqaro bozorlarga chiqish bo‘yicha ishlarni faollashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi.