19-may kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va boshqa amaldorlarni olib uchayotgan vertolyot mamlakatning Ozarbayjon bilan chegarasiga yaqin hududda halokatga uchradi. Vertolyotda bo‘lganlarning barchasi halok bo‘ldi. “Gazeta.uz” voqea bilan bog‘liq asosiy ma’lumotlarni xronologik tartibda keltirib o‘tadi.

19-may. 18:00

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot mamlakatning Ozarbayjon bilan chegarasiga yaqin hududda “qattiq qo‘nishni amalga oshirdi”. Bu haqda mamlakatning Tasnim agentligi xabar berdi.

Associated Press Eron davlat televideniyesiga tayanib, voqea Julfa shahri yaqinida yuz berganini, qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borishga harakat qilayotganini ma’lum qildi. Baxtsiz hodisadan oldin Raisiy Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan ikki davlat chegarasida Araks daryosi bo‘yida uchrashgan va muzokaralar o‘tkazgan. Associated Press e’lon qilgan videoda Raisiyning bu hududga uchib ketishi chog‘ida vertolyot ichida olingan kadrlarni ko‘rish mumkin.

Voqea yuz bergan taxminiy nuqta. Infografika: Associated PressVoqea yuz bergan taxminiy nuqta. Infografika: Associated Press

19:00

IRNA agentligi voqea joyiga qutqaruvchilar yetib borgani haqida xabar berdi. Ularning ishiga yomon ob-havo — kuchli tuman, shamol va yomg‘ir to‘sqinlik qilayotgani ta’kidlandi.

20:00

Eron axborot agentliklari va boshqa ommaviy axborot vositalari aholini prezidentning salomatligi uchun duo qilishga chorlay boshladi. Eron xalqidan u va uning atrofidagilar uchun duo qilish so‘ralgan murojaat Ibrohim Raisiyning Instagram`dagi rasmiy sahifasida ham paydo bo‘ldi.

Skrin: Ibrohim Raisiyning Instagram’dagi rasmiy sahifasiSkrin: Ibrohim Raisiyning Instagram’dagi rasmiy sahifasi

21:00

Tasnim agentligi qutqaruvchilarning to‘rtta guruhi voqea sodir bo‘lgani taxmin qilinayotgan joyga yaqinlashganini xabar qildi. Shuningdek, mamlakatning 3 nafar vaziri ham mazkur hududda bo‘lib turgani aytildi.

00:00

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyotning favqulodda qo‘ndirilishi to‘g‘risidagi xabarni chuqur tashvish bilan qabul qilganini qayd etdi.

O‘zbekiston tomoni vertolyot yo‘lovchilari, jumladan Eronning yuqori martabali vakillari taqdiri haqidagi ma’lumotlarni diqqat bilan kuzatib borayotgani, barcha yo‘lovchilar tez orada sog‘-salomat topilishiga umid qilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakat zarurat bo‘lishi bilan eronlik do‘stlariga barcha yordam ko‘rsatilishiga to‘liq tayyorligini bildirdi.

08:00

Ba’zi nashrlar vertolyot qulaganidan keyin to‘liq yonib ketgani haqida yoza boshladi, yo‘lovchilar taqdiri haqida esa bu vaqtga kelib ham rasmiy ma’lumot berilmadi.

Qidiruv-qutqaruv ishlari, yomon ob-havoga qaramay, tun bo‘yi davom etdi: Eron ommaviy axborot vositalari halokat sodir bo‘lgan hududda yomg‘ir yog‘ayotganini xabar qildi. Vertolyotni qidirishda Eron armiyasi ham ishtirok etdi. Tasnim agentligi vertolyot parchalari mahalliy vaqt bilan soat 6 lar atrofida topilganini qayd etdi.

Sal o‘tib Eronning Fars agentligi vertolyot qoldiqlari aks etgan videoni e’lon qildi. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari davlat televideniyesi orqali qutqaruvchilar halokat joyida hayot belgilarini topmaganini aytdi.

09:00

Eronning Mehr agentligi prezident Ibrohim Raisiy va u bilan uchganlarning bari vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

Sal turib ISNA agentligi Eron hukumati bir soat ichida Ibrohim Raisiy o‘limi yuzasidan bayonot berishi haqida xabar berdi. Tasnim hukumat a’zolari shoshilinch yig‘ilishga chaqirilgani ma’lum qildi.

Keyinroq esa bir qator nashrlar Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuri Ibrohim Raisiy vafot etganini tasdiqlagani haqida yozdi.

10:00

Ibrohim Raisiy vafotidan keyin Eron prezidenti vazifasini mamlakat birinchi vitse-prezidenti Mohammad Mohber bajarishi xabar qilindi. Eron Konstitutsiyasiga ko‘ra, muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 50 kun ichida o‘tkazilishi kerak.

Mohammad Mohber. Foto: IRNAMohammad Mohber. Foto: IRNA

Reuters Eron prezidenti uchgan vertolyot AQShda ishlab chiqarilgan Bell 212 vertolyoti bo‘lgani haqida xabar berdi.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot Eron-Ozarbayjon chegarasi yaqinida havoga ko‘tarilmoqda. Foto: IRNAEron prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot Eron-Ozarbayjon chegarasi yaqinida havoga ko‘tarilmoqda. Foto: IRNA

Qidiruv hududida 73 ta qutqaruv guruhi ishlayotgani xabar qilindi. Sal turib IRNA axborot agentligi halok bo‘lganlarning jasadlari halokat joyidan olib ketilayotgani aks etgan videoni e’lon qildi.

Eron davlat televideniyesi odatiy ko‘rsatuvlarni to‘xtatdi. Vertolyot halokatidan so‘ng, televideniye butun mamlakat bo‘ylab eronliklarning Raisi sog‘ligi uchun ibodat qilayotganini ko‘rsata boshladi. Shuningdek, qutqaruvchilar tog‘larda vertolyotni qidirayotgani aks etgan kadrlar namoyish etildi. Eron hukumati yig‘ilishida Raisi o‘tirgan kursida motam tasmasi paydo bo‘ldi.



Shuningdek, mamlakat bo‘ylab barcha sport musobaqalari va tadbirlar bekor qilindi. Tehron fond birjasi o‘z faoliyatini bir necha kunga to‘xtatdi. Mamlakatda besh kunlik motam e’lon qilindi.

Keyinroq Eron hukumati prezident va uning delegatsiyasining vertolyot qulashida halok bo‘lgani munosabati bilan bayonot berdi.

“Eron xalqining mehnatsevar va tinim bilmagan prezidenti, mamlakatning rivojlanishi va taraqqiyoti yo‘lida Eronning buyuk xalqiga xizmat qilishdan boshqa hech narsa qilmadi, va’dasini bajardi va millat uchun o‘z hayotini qurbon qildi”, — deya bayonotdan iqtibos keltirgan Mehr.

Hukumat Eron xalqini “xizmat yo‘li” davom etishiga va mamlakat boshqaruvida “uzilishlar” bo‘lmasligiga ishontirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslarning vafoti munosabati bilan mamlakat oliy diniy rahbari oyatulloh Ali Xomaneiyga hamdardlik bildirdi.