Shavkat Mirziyoyev Eron shimolida yuz bergan fojia oqibatida prezident Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslarning vafoti munosabati bilan mamlakat oliy diniy rahbari oyatulloh Ali Xomaneiyga hamdardlik bildirdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, maktubda, jumladan, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan Ibrohim Raisiyning yorqin xotirasi xalqlar qalbida doimiy saqlanib qolishi ta’kidlangan.

Prezident do‘st Eron xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etdi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 19-may, yakshanba kuni Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot Eron-Ozarbayjon chegarasi yaqinida “qattiq qo‘ngandi”. Qidiruv noqulay ob-havo sharoiti va qorong‘ilik tufayli murakkablashgan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi zarurat bo‘lsa, yordam berishga tayyorligini bildirgan.

Bir kun o‘tib ertalab Mehr agentligi Raisiy vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lganini bildirdi. Bortdagilarning hammasi, jumladan, tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan, Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmati va Oyatulloh Muhammad Ali Ale-Hoshem ham vafot etgani aytilgan.

Raisiy 2021-yil 5-avgustdan buyon Eronga prezidentlik qilib kelayotgandi. U 2022-yilning sentabr oyida rasmiy tashrif bilan Samarqandga kelib, Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Bu Eron prezidentining 20 yil ichida O‘zbekistonga ilk tashrifi bo‘lgan. 2023-yilning yozida O‘zbekiston prezidenti rasmiy tashrif bilan Eronga borgandi.