AQSh Kongressi Ukraina, Isroil va Tayvanga umumiy qiymati 95 milliard dollarlik tashqi yordam ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini nihoyat ma’qulladi.

23-aprel kuni kechqurun Senat hujjatni tasdiqladi, 79 senator yoqlab, 18 nafari qarshi ovoz berdi. Endi chora-tadbirlar paketi imzolash uchun AQSh prezidenti Jo Baydenga yuboriladi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik senatorlarga qarori uchun minnatdorlik bildirdi. “Ushbu ovoz berish Amerikaning demokratiya mayog‘i va erkin dunyo yetakchisi sifatidagi rolini mustahkamlaydi”, — dedi u o‘z bayonotida.

Yordam paketi nimalardan iborat?

To‘plam to‘rtta qonun loyihasini o‘z ichiga oladi: Ukraina, Isroil va Tayvanga yordam to‘g‘risida, to‘rtinchisi esa TikTok`ni taqiqlash va muzlatilgan Rossiya aktivlarini topshirishni nazarda tutadi.

  • Ukrainaga yordam uchun deyarli 61 milliard dollar ajratiladi. Ushbu mablag‘ning uchdan biridan ko‘prog‘i — taxminan 23 milliard dollar — AQSh qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘ldirishga, 11 milliard dollardan ko‘prog‘i esa “mintaqadagi davom etayotgan AQSh harbiy amaliyotlariga” yo‘naltiriladi. Yana 14 milliard dollar Kiyev uchun qurol sotib olishga sarflanadi. Ukrainaga iqtisodiy yordam ko‘rsatish uchun 10 milliard dollar ajratilgan — bu qism kredit shaklida beriladi.
  • Isroilga yordam berish uchun 26 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratiladi. Ularning 5 milliard dollaridan ortig‘i Isroilning raketalarga qarshi mudofaa tizimini qo‘llab-quvvatlashga, qariyb 8 milliard dollari esa qurol sotib olishga sarflanadi. Paket, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab mojarolardan jabr ko‘rgan aholi uchun 9,2 milliard dollarlik gumanitar yordamni o‘z ichiga oladi.
  • Tayvan va Hind-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash uchun 8 milliard dollar ajratilgan. Bunga dengizosti infratuzilmasini rivojlantirish uchun 3,3 milliard dollar, Tayvan va AQShning boshqa asosiy ittifoqchilari uchun 2 milliard dollar harbiy mablag‘ hamda Tayvan va mintaqaviy sheriklarga berilgan 1,9 milliard dollar mudofaa mablag‘larini to‘ldirish kiradi.
  • To‘rtinchi qonun loyihasi, agar Xitoyning ByteDance kompaniyasi o‘z ilovasini Amerika hukumatini qoniqtiradigan shaxs yoki kompaniyaga sotishdan bosh tortsa, TikTok bloklanishini nazarda tutadi. Savdo muddati — to‘qqiz oy, ammo AQSh prezidenti uni bir yilgacha uzaytirishi mumkin. Hujjat, shuningdek, Eronga qarshi yangi sanksiyalarni ham o‘z ichiga oladi — ya’ni Eron neftini qabul qiluvchi va qayta ishlaydigan portlar va neftni qayta ishlash zavodlariga qarshi. Bundan tashqari, loyiha Amerika rasmiylariga AQShda joylashgan Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish va Ukrainaga o‘tkazish huquqini beradi — ular mamlakatni tiklash uchun ishlatiladi.

Baydenning bayonoti

Prezident Jo Bayden Senat tomonidan ma’qullangan qonunni “ish stoliga kelishi bilanoq” imzolashini bildirgan.

“Ehtiyoj shoshilinch: Rossiyaning tinimsiz bombardimoniga duch kelayotgan Ukraina uchun; Eron tomonidan misli ko‘rilmagan hujumlarga duch kelgan Isroil uchun; qochqinlar va butun dunyo bo‘ylab, shu jumladan, G‘azo, Sudan va Gaitidagi mojarolar va tabiiy ofatlardan zarar ko‘rganlar uchun; Hind-Tinch okeanida xavfsizlik va barqarorlikka intilayotgan hamkorlarimiz uchun”, — dedi Bayden Oq uy saytida e’lon qilingan bayonotda.

AQSh rahbarining qo‘shimcha qilishicha, qonun “mamlakatni va dunyoni xavfsizroq qilish va do‘stlarni HAMAS kabi terrorchilar va Putin kabi zolimlardan himoya qilishda qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi”.

Ukrainaga yordam

AQSh Kongressi o‘tgan yilning kuzidan beri demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi, shuningdek, Respublikachilar partiyasi ichidagi kelishmovchiliklar tufayli Ukrainaga yangi yordam paketi bo‘yicha kelisha olmayapti. Urushni o‘rganish instituti ma’lumotlariga ko‘ra, bu frontdagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatdi: Ukrainada qurol-yarog‘ taqchilligi yuzaga keldi va Rossiya shu tufayli taktik muvaffaqiyatga erisha oldi.

New York Times gazetasining yozishicha, Bayden qonun loyihasini imzolaganidan so‘ng Qo‘shma Shtatlar bir necha kun ichida Ukrainaga o‘q-dorilarni yetkazib bera oladi. Reuters agentligining xabar berishicha, Kiyevga birinchi yordam paketi 1 milliard dollarlik qurolni o‘z ichiga oladi.