2024-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 15,8 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan qariyb 1 mlrd dollar yoki 6,2 foizga ko‘p, deya xabar berdi Prezident huzuridagi Statistika agentligi.

Oltinni hisobga olganda, eksport 10 foizga — 6,38 mlrd dollargacha oshdi, oltinsiz eksport esa 3,65 mlrd dollarga yetdi (+7,4 foiz). Import 9,44 mlrd dollargacha (+3,8 foiz) oshdi.

Tashqi savdo taqchilligi biroz qisqardi va 3,05 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2023-yilga nisbatan 232,2 mln dollarga kam.

Birinchi chorakda oltin eksporti 10,5 foizga oshib, 2,66 mlrd dollarni tashkil etdi (2023-yilning birinchi choragida 2,41 mlrd dollar bo‘lgan). Bu mamlakat umumiy eksportining 41,7 foizini tashkil etadi.

Mart oyida 1,35 mlrd dollardan ortiq qiymatdagi yoki fevral oyidagi bilan (1,32 mlrd dollar) deyarli bir xil miqdorda oltin eksport qilindi.

Mart oyida oltin kotirovkalari bir unsiya uchun 2055 dollardan 2246 dollargacha (+9,3 foiz) ko‘tarildi va tarixiy rekord qiymatlarni yangilashda davom etmoqda. Misol uchun, 19-aprelda narxlar 2410 dollardan oshdi.

Fevral oyida O‘zbekiston 12 tonna qimmatbaho metal sotgan holda dunyoda eng ko‘p oltin sotgan mamlakatga aylandi. 2023-yil yakuni bo‘yicha mamlakat oltin sotish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi.