Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktabda tok urishi oqibatida vafot etgan o‘quvchi voqeasi bo‘yicha maktab direktori va uning o‘rinbosariga hukm o‘qildi. Bu haqda Millar teledasturi sud jarayonidan tayyorlangan lavhani e’lon qildi.

Unga ko‘ra, maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topildi. Fuqaro 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yilga qamaldi.

Maktab direktoriga ham xuddi shu ayblov bilan 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, u 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlay olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur baxtsiz hodisa 28-noyabr kuni kuni sodir bo‘lgan. O‘shanda poytaxt maktab ta’limi boshqarmasi bolani elektr toki urganini rad etib, o‘quvchi o‘yin maydonchasidan chiqib ketayotganda hushini yo‘qotgani, keyinroq kasalxonada vafot etganini bildirgandi. Keyinroq Bosh prokuratura sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quvchining o‘limiga elektr toki urishi sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.