O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi tariflari oxirgi marta oshirilganidan buyon inflyatsiya darajasi 66 foizni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Sanoatning bazaviy tarmoqlari, yoqilg‘i-energetika majmui va geologiyani rivojlantirish moliyasi va tarifni tartibga solish bosh boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Mustafoyev seshanba kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi, deya xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

Oxirgi marta aholi uchun gaz va elektr energiyasi tariflari 2019-yilning avgust oyida oshirilgan edi. 16-apreldagi hukumat qarori bilan 1-maydan energoresurslar narxi oshirildi, shuningdek, ijtimoiy normalar joriy etildi.

“Oxirgi 5 yildan beri elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari aholi uchun o‘zgarishsiz qoldi. 2021-yilda koronavirus tufayli, 2022−2023-yillarda dunyodagi geosiyosiy ziddiyatlar tufayli iqtisodiy va moliyaviy noaniqliklar kuchayib bordi. Shuning uchun aholimizning daromadlari ko‘payib, to‘lov qobiliyatining yaxshilanishiga sharoit yaratib berildi. Lekin shu davrning o‘zida inflyatsiya darajasi 66 foizga oshdi. Shundan kelib chiqib, joriy yilning 1-mayidan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflarni qayta ko‘rish chiqib kerak bo‘lyapti”, — dedi IMV vakili.

Xurshid Mustafoyevning ta’kidlashicha, hozirda elektr energiyasining tannarxi 1 kVt/soat uchun 1000 so‘m, gazniki esa 1 kubometr uchun 2000 so‘m atrofida. U korxonalarning operatsion xarajatlarini, shu jumladan, investitsiya loyihalari va kredit to‘lovlarini o‘z ichiga oladi. O‘tgan yilning sentabr oyida Energetika vazirligi 1 kVt/soat elektr energiyasi tannarxi 970 so‘m (2022-yil mayidan +21,2 foiz), gazning bir kubometri esa 1890 so‘m (+35 foiz) ekani haqida xabar bergan edi.

“Lekin aholi uchun o‘zgartirilayotgan tariflarni [inobatga olib], albatta, [mamlakat] rahbariyat tomonidan qat’iy ijtimoiy himoya qilish mexanizmlari ko‘zda tutilyapti. Bunda bazaviy me’yor joriy etilyapti, ya’ni har bitta xonadon ishlatishiga qarab to‘lovni amalga oshiradi”, — dedi u.

Elektr energiyasi uchun bazaviy me’yor oyiga — 200 kVt/soatgacha, gaz uchun martdan oktabrgacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa martdan sentabrgacha — 100 kub metrgacha, isitish mavsumida: noyabrdan fevralgacha, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida esa martdan sentabrgacha — 500 kub metrgachani tashkil etadi.

“Bunda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat budjetidan qariyb 1 trln so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘larning aniq manbalari bor, o‘z muddatida hech qanaqa kechikishlarsiz ajratib boriladi”, — deb ishontirdi boshqarma boshlig‘i.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining aniqlik kiritishicha, gaz va elektr energiyasi tariflari oshirilishi munosabati bilan O‘zbekistonda 1,5 millionga yaqin ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatiladi. Kambag‘allik chegarasi, pensiya va nafaqa miqdorini oshirish, isitish mavsumida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya to‘lash ko‘zda tutilgan.

Ijtimoiy me’yorni qondirish mumkinmi?

2022-yilda O‘zbekistonda jami 7,3 million elektr energiyasi iste’molchisi borligi, ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilishi ma’lum qilingan edi. Shu bilan birga, aholi tomonidan iste’mol qilinadigan elektr energiyasi umumiy hajmining atigi 31 foizi (5,7 milliard kVt/soat) ushbu xonadonlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

4 million gaz abonentining 85 foizi oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiladi. Biroq ular umumiy aholi iste’molining atigi 35 foizini (4,5 milliard kub metr) tashkil qiladi.

sentabr oyida Germaniyada faoliyat yuritayotgan energetika mutaxassisi Ravshan Xo‘janov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida iste’molchilar yakuniy narx qanday shakllanayotgani va davlat kompaniyalari ularni ishlab chiqarish va yetkazib berishda qanday foyda qo‘yishini ko‘rishlari uchun davlatni energiya resurslarining butun tannarx zanjirini oshkor qilishga chaqirgan edi.