2-aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida prezidentning “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishning 2024-yildagi ustuvor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda, jumladan, prezident maslahatchisi Ravshan Gulyamov, bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro moliya tashkilotlari vakillari ham ishtirok etdi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Prezident qarorida 2024-yilda 10 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari belgilangan. Bu asosiy yo‘nalishlar quyidagilar hisoblanadi:

  1. Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, budjet-soliq siyosatining samaradorligini oshirish va davlat xaridlari tizimini takomillashtirish.
  2. Mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash.
  3. Qishloq va suv xo‘jaligida islohotlarni kuchaytirish, aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash.
  4. Telekommunikatsiya sohasini isloh qilish.
  5. Transport infratuzilmasini rivojlantirish.
  6. Urbanizatsiya jarayonlari va uy-joy qurilishini jadallashtirish.
  7. Biznes va investitsiya muhitini yaxshilash, eksportni oshirish.
  8. Davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirish.
  9. Ichki va tashqi turizmni rivojlantirish.
  10. “Yashil” iqtisodiyot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish.

“Bu qaror muhokamasi chog‘ida muhtaram prezidentimiz shunday dedi: “Gap qarorlarda emas. Investorlarni, birinchi navbatda, qonunlar qiziqtiradi. Shu sababli asosiy e’tibor [qonunlarni ishlab chiqishga] qaratilgan. Masalan, “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun haqida gapiradigan bo‘lsak, u 2009-yilda qabul qilingan. Bizga qonun loyihasining yangi tahririni ishlab chiqish topshirildi”, — dedi u.

Bundan tashqari, “Raqobatbardosh enregetika bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish, yangi Yer kodeksi va boshqalarni ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiyot va moliya vaziri Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro hamkorlarga hukumat xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni boshlash niyatida ekanini aytdi. Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha xufiyona iqtisodiyot hajmini qisqartirish bo‘yicha Strategiyani ishlab chiqish va hukumatga kiritish ko‘zda tutilgan bo‘lib, unda buning ulushini qisqartirishga yangi yondashuvlarni joriy etish, davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va soddalashtirish orqali tadbirkorlik subyektlari hamda aholi ishonchini mustahkamlash nazarda tutiladi.

“Ertaga, albatta, jurnalistlar, iqtisodchilar va boshqalarda „Bu nima? Bu orqaga qaytishmi yoki jazo mexanizmlariga o‘tishmi?“ degan savol tug‘ilishi mumkin. Bunday narsa yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, biz endi asta-sekin va ehtiyotkorlik bilan qonun-qoidalarni buzayotgan tadbirkorlarni tartibga chaqirmoqchimiz. Boshqa hech narsa yo‘q. Prezidentimiz Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida „Bizning yagona ustuvorligimiz — ish o‘rinlari yaratib, aholi daromadlarini oshirayotgan tadbirkorlarimiz“, — deb ta’kidladi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash muhtaram prezidentimiz siyosatidagi ustuvor va asosiy ustun tamoyillardan biridir”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosari bu yo‘nalishda “hech qanday og‘ishlar va orqaga qaytish bo‘lmaydi”, deya ishontirdi.

“Muhtaram prezidentimizning jamoasida orqaga qaytishni istaydiganlar ishlamaydi, ishlashga haqqi ham yo‘q. Men bu yerdagilardan bizni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rayman. Qayerdadir xatoga yo‘l qo‘ysak, ayting, darhol tuzatishga harakat qilamiz”, — dedi u xalqaro moliya institutlari, tashkilotlar va elchixonalar vakillariga murojaat qilib.

Shavkat Mirziyoyev yanvar oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston davlat budjeti yashirish iqtisodiyotdan ko‘rayotgan zarar 30 trln so‘m ekanini, yalpi ichki mahsulotga yetkazilgan zarar esa 135 trln so‘mni tashkil etishini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday iqtisodiyot halol ishlayotgan tadbirkorlarga to‘sqinlik qilmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov avvalroq qurilish sohasida ish o‘rinlarini qonuniylashtirish maqsadida 2024-yil 1-apreldan ayrim obyektlarni qurish uchun zarur bo‘lgan ishchilar soni me’yorini joriy etish rejalashtirilayotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda bu davlat budjetidan moliyalashtiriladigan qurilishlarga ta’sir qiladi.

Hukumat, shuningdek, naqd pul aylanishini qisqartirish va ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali amalga oshirish variantini ham ko‘rib chiqmoqda.

1-fevraldan tadbirkorlarning barqarorlik reytingi ishga tushdi. Reytingi yuqori bo‘lgan tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor qilinadi, qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir kun ichida qaytariladi, boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lovlar uch kun ichida qaytariladi. Bundan tashqari, tovar va xizmatlarni import qilish va sotishda to‘langan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish tartibi qo‘llanadi.