Qozog‘iston boshqa mamlakatlar fuqarolari uchun benzin va dizel yonilg‘isi narxini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu mamlakat Energetika vazirligining buyrug‘i loyihasidan kelib chiqadi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, boshqa mamlakatlar fuqarolari uchun Ai-92 va Ai-93 markali benzin narxi litri uchun 245 tenge (6926 so‘m) etib belgilanadi. Dizel narxi litri uchun 315 tenge (8905 so‘m) bo‘ladi.

Mahalliy iste’molchilar uchun esa (Qozog‘istonda berilgan haydovchilik guvohnomasi va avtotransport vositasi ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma taqdim etilganda) narx o‘zgarishsiz qoladi — kuniga 300 litrgacha bo‘lgan hajmda litri uchun 205 tenge (5795 so‘m). Qozog‘istonliklar dizel yonilg‘isini ham amaldagi narxda — 295 tenge (1 litri 8340 so‘m) bo‘yicha xarid qilishlari mumkin bo‘ladi.

Energetika vazirligining tushuntirishicha, bu “ichki bozorda yonilg‘i balansini saqlash, shuningdek, neft mahsulotlari chiqib ketishi va „kulrang“ eksport xavfini minimallashtirish uchun” qilinmoqda.

“Hozirgi vaqtda narxlar davlat tomonidan tartibga solingani tufayli Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari orasida yonilg‘i-moylash materiallari narxi eng past bo‘lgan davlat hisoblanadi, bu neft mahsulotlarining boshqa mamlakatlarga chiqib ketishi va „kulrang“ eksport xavfining yuqori bo‘lishiga olib keladi”, — deyiladi xabarda.

Masalan, Toshkentda Ai-92`ning bir litri taxminan 10 500 so‘m (372 tenge), Bishkekda 63,25 som (318 tenge), Orenburgda 49,35 rubl (237 tenge) hisoblanadi.

Avvalroq O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi benzin importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning yettita asosiy muammosini o‘rgangandi. Ular orasida temiryo‘l logistikasining qimmatligi, kredit yuklamasining yuqoriligi, qo‘shimcha sertifikatlash talabi, katta hajmdagi benzinni saqlash uchun sig‘imlarning yetishmasligi va boshqalar bor.

2023-yilda O‘zbekistonda 1,33 mln tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu 2022-yilga nisbatan 6 foizga yoki 75,4 ming tonnaga ko‘p.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekiston benzinni qayerdan qanday hajmda va qanday narxda import qilishi haqida yozgandi.