O‘zbekistonda 2024-yilning birinchi choragida sudlar 4477 nafar shaxsni oiladagi zo‘ravonlik moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−2- moddasi — oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha 4343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, ulardan 2344 nafariga jarima jazosi qo‘llangan, 1999 nafari esa ma’muriy qamoqqa olingan.

Takror yoki og‘irlashtiruvchi holatlar bilan sodir etilgan oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik uchun 134 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi bilan sudlangan, shundan 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 83 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

Ushbu moddalar 2023-yil aprel oyida qonunchilikka kiritilgan. O‘tgan yil davomida ushbu moddalar bo‘yicha 9131 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan.

“Gazeta.uz” qonunlarga kiritilgan, ayollar va bolalarni himoya qilish tizimini mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartishlar haqida yozgandi. Ular ustida bir yil davomida vazirlik va idoralar, nodavlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, fuqarolik faollari, jumladan, Nemolchi.uz loyihasining bir guruhi ishlagan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−2-moddasi BHMning 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa, Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi esa 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘ladi.

Yilning dastlabki uch oyida 318 kishi shahvoniy shilqimlik qilishda ayblanib, sudlangani haqida yozgandik. Yana 40 kishi shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilishda aybdor deb topilgan.