Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston davlat budjeti defitsiti 19,8 trillion so‘mdan oshdi (Markaziy bankning 4-apreldagi kursi bo‘yicha 1,56 milliard dollar).

Manba: Open Budget, Iqtisodiyot va moliya vazirligi.Manba: Open Budget, Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Bu, “Gazeta.uz” hisobiga ko‘ra, kamida 12 yil davomidagi rekord ko‘rsatkichdir. Raqamlar, shuningdek, 2023-yilning birinchi choragiga nisbatan 1,7 barobar, 2022-yilga nisbatan esa qariyb 20 barobar ko‘p.

Yanvarda defitsit 5,8 trillion so‘mni, fevralda 7,2 trillion so‘mni, mart oyida esa 6,8 trillion so‘mni tashkil qildi.

budjet daromadlari o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 6,8 foizga, xarajatlari esa 19,3 foizga o‘sdi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda davlat budjeti daromadlari 270,4 trillion so‘m, xarajatlari 280,7 trillion so‘m, defitsit esa 10,3 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq xabar berganimizdek, 2023-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti rekord daraja — 59 trln so‘m (5 milliard dollardan ortiq)ni tashkil etib, avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘ldi. O‘tgan yil oxirida hukumat xarajatlar chegarasini ushlab turolmagani sababli parlament orqali limitni oshirgandi.

Konsolidatsiyalashgan budjet davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (suveren fond) mablag‘larini o‘z ichiga oladi.

O‘zbekistonda davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 2 yil ichida 5 baravarga — 5,63 trln so‘mdan 29,25 trln so‘mga (2,5 mlrd dollar) oshdi. 18 trln so‘m gaz sotib olish va sotish o‘rtasidagi farqni qoplashga, 1,02 trln so‘m geologiya-qidiruv ishlariga sarflangan.

2023-yil yakuniga ko‘ra, davlat organlari, adliya, prokuratura va sudlar, shuningdek, mahallalarni saqlash va NNTlarni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari 24,5 foizga oshib, 17 trillion so‘mni tashkil etdi. 2024−2025-yillarda ham ularni saqlash xarajatlarini oshirish rejalashtirilgan.