Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan YTH oqibatida vafot etgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadi mamlakatga olib kelinadi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan, baxtsiz hodisada vafot etganlarni Mudofaa vazirligining maxsus havo borti orqali vatanga olib kelish va dafn etish marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilib, kerakli barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

“Favqudodda vaziyatlar vazirligi mas’ullari qozog‘istonlik hamkasblari bilan doimiy aloqada bo‘lib, baxtsiz hodisani kelib chiqish sabablarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik ishlarini olib bormoqda”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 3-aprel kuni Samara-Shimkent yo‘lida Toyota-Alhpard hamda Volvo rusumli yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida Toyota-Alhpard avtomobilida bo‘lgan jami 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi olgan tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan.