3-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Shavkat Buronovich Umurzoqov Toshkent shahri hokimi etib tasdiqlandi, deya xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

“O‘tgan davr mobaynida u „O‘zbekiston-2030“ strategiyasida o‘z ifodasini topgan, Toshkent shahri aholisi va mehmonlarining qulayligi va xavfsizligini ta’minlash, investitsion biznes-muhitni yaxshilash, va ekologik barqarorlikka erishishga qaratilgan maqsadlar sari sobitqadamlik bilan borayotgan, qatiqqo‘l va adolatli rahbar ekanligini namoyon qildi”, — deya qayd etdi hokimlik o‘z xabarida.

Shavkat Umurzoqov bundan bir yil avval — 2023-yilning martida poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Bunga qadar U 2018-yilning iyun oyidan buyon “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.

Shuningdek, u 2013−2018-yillarda Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish departamentiga, 2011-yil iyun oyidan 2013-yil sentabriga qadar esa Toshkent viloyati prokuraturasining iqtisodiy jinoyatlarga va korrupsiyaga qarshi kurashish departamentiga rahbarlik qilgan.